
AI-92 benzin narxi pasaytirildi
11.08.2025 | 10:0032753
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida AI-92 rusumli benzin narxi bosqichma-bosqich arzonlashtirilmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining aholini arzon va sifatli yoqilg‘i bilan ta’minlash bo‘yicha topshirig‘i ijrosi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan yoqilg‘i bozori barqarorligini ta’minlash va yuqori sifatli benzin ishlab chiqarish hajmini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ishlab chiqarish jarayonlari optimallashtirilib, tannarxni kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rildi. Shuning natijasida Buxoro NQIZda ishlab chiqarilgan AI-92 benzinining birja savdolaridagi 1 tonnasi boshlang‘ich narxi birinchi bosqichda 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mga tushdi. Bu esa bir litr narxining 9 400 so‘mga teng ekanini anglatadi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, narxning tushirilishi nafaqat iste’molchilar uchun qulaylik yaratadi, balki butun bozorda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Benzin ishlab chiqarish hajmining ortishi va narxning pasayishi ichki bozorda raqobatni kuchaytiradi.
“O‘zbekneftgaz” AJ kelgusida ham yuqori oktanli yoqilg‘i turlarining narxini bosqichma-bosqich pasaytirish va ichki bozorni rivojlantirish siyosatini davom ettirishini ma’lum qildi.





