O‘zbekiston afg‘on mahsulotlarini Markaziy Osiyo va Rossiya bozorlariga chiqarishda ko‘maklashadi
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Afg‘oniston elchisi Abdul G‘affor Teraviy bilan uchrashib, savdo to‘siqlarini bartaraf etish va tranzit masalalarini muhokama qildi. Bu haqda palata matbuot xizmati ma’lum qildi.
© Foto: Savdo-sanoat palatasiQayd etilishicha, muloqot davomida hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirish, tadbirkorlar uchun mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish choralari ko‘rib chiqildi. Xususan, Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga import qilish jarayonlarini yengillashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, afg‘on mahsulotlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya bozorlariga eksport qilishda ko‘maklashish masalasi muhokama qilingan.
Uchrashuvda 30-noyabr – 5-dekabr kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan «Yangi O‘zbekiston — global savdo chorrahasi» xalqaro biznes-forumiga tayyorgarlik masalalariga ham to‘xtalindi.
Tadbirda ishtirok etish uchun Afg‘oniston elchisi, shuningdek, Kobul, Hirot, Balx va Bomiyon viloyatlari hokimlari taklif etildi. Ma’lum qilinishicha, forumda Afg‘onistondan 300 nafardan ortiq tadbirkor qatnashishi kutilmoqda.
Palata ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda ikki mamlakat tadbirkorlarining o‘zaro tashriflari va biznes-missiyalari faollashgani savdo ko‘rsatkichlarida ham aks etmoqda.
Xususan, 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,38 milliard dollarga yetdi.
Bunda Afg‘onistonga eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga oshib, 1,19 milliard dollarni, Afg‘onistondan import esa 47 foizga o‘sib, 192,7 million dollarni tashkil etdi.





