Logo

O‘zbekiston va Iordaniya strategik sheriklikka o‘tmoqda: o‘zaro savdoni 500 mln dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan

Ammon shahrida «Al-Husayniya» saroyida Shavkat Mirziyoyev va Abdulla II ibn al-Husayn kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Iordaniya strategik sheriklikka o‘tmoqda: o‘zaro savdoni 500 mln dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan © Foto: president.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Ammon shahridagi «Al-Husayniya» saroyida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi.

Rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish hamda hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar faollashgani, o‘zaro savdo hamda investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohalari ko‘rsatib o‘tildi.

Imtiyozli savdo bitimini imzolash, o‘zaro savdo hajmini kelgusida 500 million dollarga yetkazish masalasiga alohida to‘xtalindi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda tajriba almashish, sayyohlik almashinuvini kengaytirish, qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, «Aqaba jarayoni» formati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarning ijrosini to‘liq ta’minlash uchun keng qamrovli «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Iordaniya Podshohini mamlakatga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Teglar

Mavzuga oid