
Akfa AQSHda $600 mln investitsiya hisobiga zavod qurishni boshladi — Jahongir Ortiqxo‘jayev
Akfa Group Kentukki shtatida alyuminiy mahsulotlari, avtomobil butlovchi qismlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi.

Akfa Group turk kompaniyasi bilan hamkorlikda AQSHning Kentukki shtatida yirik ishlab chiqarish majmuasini qurishni boshladi. Bu haqda guruh asoschisi Jahongir Ortiqxo‘jayev «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuviga intervyusida ma’lum qildi, deya yozmoqda Gazeta.
Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi zavodda alyuminiy mahsulotlari, avtomobil butlovchi qismlari, quyosh batareyalari va derazalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi.
«Bu yerda alyuminiy mahsulotlari, avtomobillarga ehtiyot qismlar, quyosh panellariga ehtiyot qismlar, oynalarga ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan fabrikani boshladik. Xudo xohlasa, birinchi yili 105 million dollar investitsiya jalb qilinmoqda. Undan tashqari, umumiy 600 million dollarlik investitsiya jalb qilinmoqda Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi fabrika uchun», - degan tadbirkor.
Ma’lumot uchun, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018—2023 yillarda Toshkent shahri hokimi lavozimida ishlagan.





