
Alisher Qodirov: Oldin sharoit yaratmay, jazoni kuchaytirish to‘g‘rimi?
31.07.2025 | 21:4018733
O‘zbekistonda ekologik qonunbuzarliklar uchun jarimalar oshirilishi taklif etildi. Ammo deputat Alisher Qodirov bu kabi choralardan avval aholi uchun zarur infratuzilmani yaratish kerakligini ta’kidlamoqda.

Mamlakatda ekologiyaga yetkazilayotgan zararlar uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Deputat Alisher Qodirov mazkur taklifga nisbatan keskin munosabat bildirdi. Uning fikricha, jazolashdan avval odamlarga ekologik talablarga rioya qilish uchun yetarli shart-sharoit yaratilishi shart.
Deputat misol sifatida shahar ichida daraxtlarni sug‘orish masalasini keltirdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘pgina mahallalarda sug‘orish yoki drenaj tizimlari mavjud emas. Odamlar daraxtlarni kran suvi bilan sug‘orishga majbur, ammo bu holatda ularga jarima solinmoqda.
«Masalan, havo 50-55 daraja issiqqa chiqyapti. Shahar ichida yashaydigan aholiga krandan boshqa suv keladigan manba yo‘q. Lekin undan foydalansa, noto‘g‘ri foydalanilyapti, deb jarima yozilyapti. Ular nima qilishi kerak? Ko‘zi bilan ko‘rib turishi kerakmi daraxtlar qurishini? Sharoit yaratmasdan jazoni kuchaytirib qo‘ymayapmizmi?», — deydi Qodirov.
Shuningdek, u chiqindilarni olib ketish tizimiga ham e’tibor qaratdi. Aytishicha, shahardagi mahallalarda chiqindi mashinalari haftasiga faqat bir marta keladi. Qolgan kunlarda esa odamlar chiqindisini qayerga joylashtirishini bilmay qolmoqda.
«Odamlardan ekologik madaniyatni talab qilyapmiz. Lekin talab qilayotganlarning o‘zi oldin sharoit yaratib berib qo‘yish degan mas’uliyatini bajarib qo‘yishi kerak emasmi?» - deya qo‘shimcha qildi u.





