
Alisher Usmonov O‘zbekistonda Rossiya manfaatlarini himoya qilganmi? Yevropa sudi hukm e’lon qildi
FAZ nashri avvalroq Alisher Usmonov o‘z boyligidan «Kreml manfaatlari yoki topshirig‘iga ko‘ra» foydalangani, O‘zbekistonda Rossiya hukumati manfaatlarini norasmiy ravishda himoya qilgani haqida yozgan.

Gamburg mintaqa sudi rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) nashiriga qarshi kiritgan da’vosini qanoatlantirdi. Sud qaroriga ko‘ra, nashr tadbirkorning Kreml bilan aloqalari va O‘zbekistonda Rossiya manfaatlarini himoya qilishi haqidagi ma’lumotlarni tarqatishni to‘xtatishi shart. Bu haqda tadbirkorning vakillari va advokatlariga tayanib, «RBK» nashri xabar berdi.
Mazkur sud qarori 23-yanvar kuni e’lon qilingan bo‘lib, unda qayd etilishicha, taqiqning har bir buzilishi uchun nashr 250 ming yevrogacha jarima to‘laydi. Agar moliyaviy jazo qo‘llash imkoni bo‘lmasa, mas’ullar ikki yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Nemis nashrining ma’lumotlari ta’qiqlandi
Ma’lum qilishicha, FAZ nashirining go‘yo Alisher Usmonov o‘z boyligidan «Kreml manfaatlari yoki topshirig‘iga ko‘ra» foydalangani, O‘zbekistonda Rossiya hukumati manfaatlarini norasmiy ravishda himoya qilgani va 2006 yilda «Kommersant» gazetasi sotib olinganidan keyin uning tahririyat siyosatiga aralashganligi haqidagi bayonotlarini tarqatish sud tomonidan taqiqlangan.
Navalniy ayblovlari Yevropa sudida asossiz deb topildi
Shuningdek, Yevropa yurisdiksiyasi sudi marhum muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy tomonidan milliarder Alisher Usmonovga nisbatan bildirilgan ayrim da’volarini tarqatishni taqiqladi. Xususan, qarorga ko‘ra, Usmonov go‘yo o‘z biznesiga homiylik evaziga Dmitriy Medvedev bilan bog‘liq tuzilmalarga ko‘chmas mulk «hadya qilgani» haqidagi bayonotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilishi mumkin emas. Shuningdek, sud 2002 yilda Usmonov «Gazprom Investxolding» aktivlarini «davlat mulkini o‘z-o‘ziga sotish» orqali qo‘lga kiritgani haqidagi iddaolarni ham asossiz deb topgan.
Qayd etilishicha, nashr tarqatgan ma’lumotlardan Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini asoslash uchun foydalanilgan.
Sanksiyalar va avvalgi sud ishlari
Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng, Usmonov G‘arb ommaviy axborot vositalariga qarshi bir necha bor sudga murojaat qilib, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan. Jumladan, o‘tgan yilning may oyida Gamburg sudi Mediahuis Luxembourg S.A. media-xoldingi nashirlarining biznesmen 2022 yilda hibsga olingan «Dilbar» superyaxtasining egasi ekani haqidagi ma’lumotlarini haqiqatga zid deb topgan edi. 2024 va 2025 yillarda Germaniyada Usmonovga qarshi olib borilgan ikkita tergov — pul yuvish va sanksiyalar rejimini buzish bo‘yicha surishtiruv ishlari to‘xtatilgan.





