
Aliyevning sobiq kuyoviga imtiyoz, sun’iy intellekt bergan 2,9 mlrd so‘m va Toshkentga kelayotgan prezidentlar — 4 avgust dayjesti
04.08.2025 | 22:3038229
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekiston AQSHdan paxta import qilishni yo‘lga qo‘ymoqda
O‘zbekiston Amerika Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Paxta assotsiatsiyasi bilan AQSH paxtasini import qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Kelishuvlar GSM-102 dasturi doirasida amalga oshirilishi kutilmoqda — bu orqali O‘zbekiston eksport kreditlarini kafolatlangan holda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, «Made from U.S. Cotton» tashabbusi va kredit limitini oshirish masalalari ham muhokama qilingan.
Garchand O‘zbekiston paxta yetishtiruvchi davlat bo‘lsa-da, bu import jarayoni ichki bozorda yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan transformatsiya bilan bog‘liq. Xususan, tibbiy va premium to‘qimachilik segmentlarida Amerika paxtasi xalqaro e’tirofga ega bo‘lib, O‘zbekiston uni qayta ishlab, global bozorlarga eksport qilishni rejalashtirmoqda. To‘qimachilik sanoatining o‘sishi import talabini oshirmoqda va bu strategik xomashyoni moliyalashtirishda yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Sun’iy intellekt O‘zbekistonga 2,9 mlrd so‘m soliq to‘ladi
2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda elektron xizmatlar ko‘rsatgan 72 ta xorijiy kompaniya 78,2 mlrd so‘m soliq to‘ladi. Soliqlarning asosiy qismi yirik IT-gigantlar hissasiga to‘g‘ri kelib, Meta 22,6 mlrd, Apple 22,1 mlrd, Google esa 19,4 mlrd so‘m to‘lov bilan yetakchi bo‘ldi. Shuningdek, OpenAI kompaniyasi ham 2,9 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lagani bilan ajralib turdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, soliq to‘lovlarining 94 foizi faqatgina 10 ta yirik kompaniya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu holat raqamli xizmatlar bozorida shaffoflikni ta’minlash va davlat byudjetiga tushumlarni ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, elektron xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy yurisdiksiyalar har chorakdan so‘ng belgilangan muddatda soliq hisobotini taqdim etishi shart.
«Sea Breeze Uzbekistan» soliq va bojxona imtiyozlariga ega bo‘ladi
«Sea Breeze Uzbekistan» Chorvoq turistik-rekreatsion zonasi doirasida erkin iqtisodiy zona maqomini oldi va endi soliq hamda bojxona imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega. Kompaniya mol-mulk va yer solig‘i, suv resurslari uchun soliqdan ozod qilinadi, chetdan keltiriladigan qurilish materiallari va uskunalar esa bojsiz olib kiriladi. Bu loyihani amalga oshirishda qo‘shimcha xarajatlarni kamaytirish va infratuzilmani tezkor qurish imkonini beradi.
Loyiha asoschisi Emin Agalarov AQSH va Shveysariyada ta’lim olgan bo‘lib, 2006 yilda Ozarbayjonning amaldagi prezidenti Ilhom Aliyevning qizi Leyla Aliyevaga uylangan edi. Nikoh 2015 yilda bekor qilingan bo‘lsa-da, Ozarbayjon rahbariyati bilan yaqin aloqalar va xalqaro biznesga chiqish imkoniyati Agalarovning mintaqadagi ta’sirining asosiy omillaridan bo‘lib qolmoqda.
Samarqandda 12 million dollarlik «transport darvozasi» ochildi
Samarqandda umumiy qiymati 12 million dollarga teng bo‘lgan yangi zamonaviy avtovokzal ish boshladi. Cho‘pon-ota hududida qurilgan majmua 100 ta avtobus, 150 ta mikroavtobus va 300 ta yengil mashinaga mo‘ljallangan. U orqali hozirda Toshkent va Jizzax yo‘nalishlarida avtobus qatnovlari amalga oshirilayotgan bo‘lsa, boshqa viloyatlar — Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryoga ketuvchi reyslar ham shu yerdan yo‘lga chiqmoqda.
Transport vazirligiga ko‘ra, yangi avtovokzal Samarqandning logistika va transport salohiyatini mustahkamlashda muhim qadam hisoblanadi. Shuningdek, loyiha doirasida 300 nafar mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlangan. Mazkur markaz faqat shahar aholisiga emas, balki mintaqalararo qatnovlarni takomillashtirishga ham xizmat qiladi.
Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari yig‘ilmoqchi
Joriy yil kuzda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuvida ma’lum bo‘ldi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik doirasida hukumatlararo komissiyalar yig‘ilishlari, Ishbilarmonlar kengashi, Hududlar forumi, qator madaniy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining an’anaviy maslahat uchrashuvini doimiy o‘tkazib borish taklifini 2017 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasidagi ma’ruzasida ilgari surgan edi. Birinchi sammit 2018 yil mart oyida Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda o‘tkazilgan.





