add

Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi

Uni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilmoqda.

Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi

Bugun, 12-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari, O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi hamraisi Saida Mirziyoyeva Yuta shtatining (AQSH) Devid Bednar boshchiligidagi biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Saida Mirziyoyevaga Prezidentining strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi Sardor Umurzoqov va Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov hamrohlik qilgan.

«O‘zbekiston – AQSH munosabatlari rivojida yangi bosqich boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etdik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning AQSH fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etish to‘g‘risidagi qarori ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlandi», - deya yozdi Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida.

Unga ko‘ra, prezident farmoni bilan Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilib, uni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi tuzilmasida maslahatchi-elchi lavozimi joriy etilmoqda.

Shuningdek, ushbu farmon asosida O‘zbekiston rezidentlari O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlaridan mablag‘larni AQSHda korxonalar tashkil etish, ularning kapitalida ishtirok etish yoki filiallarini mablag‘ bilan to‘ldirish uchun erkin o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.

«Bu tadbirkorlarimizning tashqi iqtisodiy faolligini rivojlantirish, AQSH bilan investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekistonning ochiq, zamonaviy iqtisodiyot sifatidagi yangi imijini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir», - deydi Administratsiya rahbari.

Teglar

Mavzuga oid

Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etiladi | Vaqt.uz