add

Amerika raketasi Rossiyani xavotirga soldi

Pentagonning Minuteman III raketa sinovi Rossiyada keskin reaksiya uyg‘otdi — Moskva yadroviy sinovlarni qayta boshlash ehtimolini muhokama qilmoqda.

Amerika raketasi Rossiyani xavotirga soldi

Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov Pentagonning modernizatsiya qilingan LGM-30G Minuteman III raketa sinoviga javoban mamlakatda to‘liq ko‘lamli yadroviy sinovlarga tayyorgarlikni darhol boshlash zarurligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Novaya Zemlya poligoni bu kabi tajribalarni qisqa vaqt ichida amalga oshirishga tayyor holda.

Belousov ta’kidlashicha, Vashingtonning yadroviy dasturlar bo‘yicha harakatlari global strategik barqarorlikka jiddiy tahdid solmoqda. Uning fikricha, AQSH yadroviy qurolni qisqartirish bo‘yicha xalqaro kelishuvlardan bosqichma-bosqich chiqib ketmoqda va strategik qurollarini tez sur’atda modernizatsiya qilmoqda.

Vazirga ko‘ra, AQSH yangi avloddagi uzoq masofali raketa va suvosti kemalarini yaratish, shuningdek, konservatsiyadagi pusk maydonlarini faollashtirishni rejalashtirgan. U bu harakatlarni Rossiya xavfsizligiga jiddiy tahdid sifatida baholadi va mamlakat yadroviy salohiyatini “har qanday sharoitda zarur darajada saqlab turishi” lozimligini bildirdi.

Belousov, shuningdek, AQSHning Yevropa hududida Dark Eagle gipertovushli raketalarini joylashtirish rejasi Rossiya markaziga olti-yetti daqiqa ichida yetib borishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, u Vashington oktyabr oyida Rossiyaga nisbatan raketa-yadroviy zarba ssenariysi bo‘yicha mashqlar o‘tkazganini ham ma’lum qildi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin yig‘ilish davomida mamlakat hozircha Yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomaga sodiqligini tasdiqladi. Biroq u AQSH yoki boshqa ishtirokchi davlatlar yadroviy sinov o‘tkazsa, Moskva “adekvat javob choralarini ko‘radi”, deb ogohlantirdi. Putin Tashqi ishlar, Mudofaa va maxsus xizmatlarga yadroviy sinovlarga tayyorgarlik bo‘yicha takliflar ishlab chiqishni topshirdi.

FSB rahbari Aleksandr Bortnikov esa AQSHning ehtimoliy yadroviy harakatlariga nisbatan Rossiya pozitsiyasini belgilash uchun qo‘shimcha vaqt so‘radi.

4 noyabr kuni Pentagon Kaliforniyadagi Vandenberg bazasidan Minuteman III raketa sinovini amalga oshirdi. Rasmiy Vashington buni rejali texnik tadbir sifatida baholab, uning maqsadi raketa tizimlarining ishonchliligi va aniqligini sinovdan o‘tkazish ekanini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Amerika raketasi Rossiyani xavotirga soldi | Vaqt.uz