add

Andijon aeroporti xalqaro reyslarni qabul qila boshladi

13.08.2025 | 13:0029493

Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng Andijon aeroporti ilk xalqaro reysini amalga oshirib, Jiddaga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ygan.

Andijon aeroporti xalqaro reyslarni qabul qila boshladi
12 avgust kuni Andijon aeroporti keng ko‘lamli rekonstruksiyadan keyin ilk xalqaro reysini amalga oshirdi. Birinchi parvoz Flyone Asia mahalliy aviakompaniyasining Andijon — Jidda — Andijon yo‘nalishida bo‘lib, haftasiga ikki marta — seshanba va payshanba kunlari qatnaydi. Uzbekistan Airports ma’lumotiga ko‘ra, ilk reysda 151 yo‘lovchi Jiddaga yo‘l oldi. Kompaniya vakillari bu yo‘nalish ziyorat, sayyohlik va xizmat safarlari imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Hozirda Andijondan Toshkentga ham muntazam reyslar amalga oshirilmoqda. Silk Avia dushanba va payshanba kunlari, Uzbekistan Airways esa chorshanba va shanba kunlari parvoz qiladi. Aeroport 2023 yil aprelda yopilib, 2025 yil mart oyida rekonstruksiyaning birinchi bosqichi yakunlandi. Yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi 3 300 metr uzunlikka va 60 metr kenglikka ega bo‘lib, Boeing va Airbus turdagi yirik samolyotlarni ham noqulay ob-havoda va tungi vaqtda qabul qila oladi. Shu bilan birga, zamonaviy yoritish, drenaj va meteorologiya tizimlari o‘rnatildi. Ikkinchi bosqichda yo‘lovchi terminali yangidan qurilib, xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 tadan 1 000 yo‘lovchigacha oshiriladi. Parvozlar soni esa yiliga 584 tadan 3 700 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu Farg‘ona vodiysi uchun havo qatnovlarini sezilarli oshiradi. Eslatib o‘tamiz, 2026 yilda Toshkent, Buxoro va Urganchda yangi aeroportlar qurilishi boshlanadi.

Teglar

Mavzuga oid