
Andijonda ikki tuman «Tashabbusli byudjet»dan chetlatildi
22.08.2025 | 10:0016003
Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlari «Tashabbusli byudjet»ning 2-mavsumida ovoz berish jarayonlarida qatnasholmaydi.

Andijonning Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlari «Tashabbusli byudjet»ning 2-mavsumida ovoz berish jarayonlaridan chetlatildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi. Bu qaror fuqarolardan kelib tushgan shikoyat va e’tirozlar asosida qabul qilingan. Unga ko‘ra, tumanlarda ishchi komissiyalar tomonidan loyihalar asossiz rad etilgani aniqlangan.
Masalan, Ulug‘nor tumanida 73 ta loyiha taqdim etilgan bo‘lib, ulardan faqat 13 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tgan. Qolgan 60 ta loyiha asoslanmagan holda rad etilgan. Xuddi shu holat Oltinko‘l tumanida ham kuzatilgan: 116 ta loyihadan faqat 22 tasi qabul qilingan, 94 tasi esa sababsiz rad etilgan.
Vazirlik ma’lumotida aytilishicha, qonunchilikda belgilangan mezonlarga ko‘ra loyihalarni qayta ko‘rib chiqish haqida tuman ichki komissiyalariga rasmiy xatlar yuborilgan. Biroq, mahalliy komissiyalar tomonidan kerakli choralar ko‘rilmagan.
Shu sababdan, mavjud mezonlarga amal qilinmagani hamda fuqarolarning shikoyatlari inobatga olinib, mazkur ikki tumanda «Tashabbusli byudjet»ning 2-mavsumi doirasida ovoz berish jarayoni bekor qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tashabbusli byudjet» dasturining 2025 yilgi ikkinchi mavsumida 823 ta mahallaga ishtirok etishda tanaffus berilishi haqida xabar bergan edik.





