
Andijonda subsidiya mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi
10.10.2025 | 18:402283
Jalaquduq tumanida 25 nafar ayol ish bilan ta’minlangani va asbob-uskunalar berilgani haqida soxta hujjatlar tuzib, pul mablag‘larini o‘zlashtirgan shaxslar qo‘lga olindi.

Andijon viloyatida subsidiya mablag‘larini talon-toroj qilgan tadbirkor va mansabdor shaxslar aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, agentlik tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 22 iyuldagi 307-son qarori asosida subsidiya mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgan.
O‘rganish jarayonida Jalaquduq tumanining Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limi mansabdor shaxslari «S.T.X» mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari F.X. bilan oldindan til biriktirgani ma’lum bo‘ldi.
2023 yilda tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» hamda Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan 25 nafar ishsiz ayolning korxonada kasanachi sifatida ish bilan ta’minlangani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, ularga 247,5 million so‘mlik tikish asbob-uskunalari berilgani haqida yolg‘on ma’lumotlar tuzilgani aniqlangan.
O‘rganish natijalari bo‘yicha to‘plangan materiallar asosida Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.





