
Andijonda terrorizmni targ‘ib qilgan shaxsga 8,5 yil qamoq jazosi tayinlandi
30.07.2025 | 10:3026843
Andijon viloyatida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan fuqaro radikal g‘oyalar ta’siriga tushib, xalqaro terrorchi tashkilotlar faoliyatini targ‘ib qilgani va moliyaviy qo‘llab-quvvatlagani uchun ozodlikdan mahrum qilindi.

DXXning xabar berishicha, 2023 yildan buyon u «Tavhid va jihod katibasi» tashkilotining g‘oyalarini yoyish bilan shug‘ullangan, diniy aqidaparastlik va «jihod» g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi materiallarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan. Shu orqali u terrorchi tashkilotlar a’zolari bilan doimiy aloqa o‘rnatgan va qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etish niyatida bo‘lgan.
Terrorchi tashkilotlarga moliyaviy yordam sifatida u 2023–2024 yillarda kriptovalyuta orqali 2912 AQSH dollari va bank kartalari orqali 4 mln 190 ming so‘m mablag‘ yuborgan. Shuningdek, u Suriyadagi terror faoliyatiga qo‘shilish uchun Qirg‘iziston orqali Turkiyaga ikki marta borgan, ammo u yerdan Suriyaga o‘ta olmagan.
So‘ngra, «Islom jihodi ittihodi» guruhiga qo‘shilish maqsadida Eron orqali Afg‘onistonga o‘tishga urinadi. Biroq, bu rejasi amalga oshmay, 2024 yil noyabr oyida ushlanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tumani sudi uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksidagi bir necha moddalar bo‘yicha aybdor deb topib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.





