
Angliya poyezdidagi pichoqli hujum: 11 kishi yaralandi, bir kishi og‘ir ahvolda
Londonga yo‘l olgan poyezdda pichoq bilan qurollangan shaxs yo‘lovchilarga hujum qildi. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 11 kishi yaralangan, ulardan biri og‘ir ahvolda.

Shanba kuni kechqurun Angliyaning Donkaster shahridan Londonga ketayotgan poyezdda noma’lum shaxs pichoq bilan yo‘lovchilarga hujum qildi. Yakshanba kuni berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hodisa oqibatida 11 kishi turli darajada tan jarohati olgan, ulardan biri hanuz jonlantirish bo‘limida og‘ir ahvolda qolmoqda, deb xabar qilmoqda BBC.
Buyuk Britaniya politsiyasining ma’lumot berishicha, hodisa poyezd Kembrijshir grafligi hududidan o‘tayotgan paytda sodir bo‘lgan. Yo‘lovchilarning ta’kidlashicha, hujumchi qo‘lida pichoq bilan bir necha kishiga tashlangan, natijada vagonda harakatlanishda vahima va qo‘rquv yuzaga kelgan.
Favqulodda xizmatlar Hantingdon stansiyasiga yettib kelganidan so‘ng poyezd rejadan tashqari to‘xtatilgan. Qo‘lga olingan ikki shaxs hujumga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Ular qurolli politsiya tomonidan poyezd ichida hibsga olingan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar Buyuk Britaniya fuqarolari bo‘lib, biri — 32 yoshli qora tanli erkak, ikkinchisi — kelib chiqishi karib havzasidan bo‘lgan 35 yoshli erkak. Ikkalasi ham Britaniyada tug‘ilgan. Hozircha ularning shaxslari oshkor etilmagan.
Huquq-tartibot organlari hodisani terrorchilik akti sifatida baholamagan. Tergovchilar hujum sabablarini aniqlash va gumonlanuvchilarning harakatlarini tekshirish ishlarini boshlagan.





