add

Angrendagi YTH qurbonlari soni 13 nafarga yetdi

10.09.2025 | 14:0037304

7 sentyabr kuni 8 ta avtomobil ishtirok etgan mudhish yo‘l-transport hodisasida 7 kishi voqea joyida halok bo‘lgani, 9 kishi jarohatlangani va shundan 5 nafari tibbiyot muassasalariga yotqizilgani ma’lum qilingandi.

Angrendagi YTH qurbonlari soni 13 nafarga yetdi
7 sentyabr kuni Toshkent viloyati Angren shahri hududidan o‘tuvchi A-373 «Toshkent—O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining 93-kilometrida sodir bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi qurbonlari soni 13 nafarga yetgani aytilmoqda. Avvalroq IIV ma’lumotida 8 ta avtomobil ishtirok etgan halokatda 7 kishi voqea joyida halok bo‘lgani, 9 kishi jarohatlanib, shundan 5 nafari shifoxonaga yotqizilgani haqida ma’lumot berilgan edi. Keyinroq Daryo.uz Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning 9 sentyabrda imzolangan farmoyishi asosida halok bo‘lganlar soni 11 nafar ekani haqida yozdi. Farmoyishda aytilishicha, ushbu YTH oqibatida 6 kishi turli darajada tan jarohatlari olib shifoxonaga joylashtirilgan. Kun.uz esa Ichki ishlar organlaridagi manbasiga tayanib, hozirgi vaqtga kelib halokat qurbonlari soni 13 nafarga yetganini xabar qildi. Hodisa 7 sentyabr kuni soat 12:20 larda Qamchiq dovonidan Angrenga kirish yo‘lida sodir bo‘lgan. Sement tashuvchi «Shacman» rusumli yuk avtomobilining haydovchisi nazoratni yo‘qotishi oqibatida yo‘lda to‘xtab turgan ikki yuk avtomobili va beshta yengil transport vositalari bilan to‘qnashgan. Yirik avariyadan so‘ng yong‘in kelib chiqqan va bir nechta transport vositalari alangaga cho‘mgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi (Odamlar o‘lishiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hukumat tomonidan kelgusida shunday fojialarning oldini olish maqsadida yo‘l infratuzilmasini takomillashtirish va yuk tashish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Teglar

Mavzuga oid