Apple birinchi sensor ekranli «MacBook Pro»ni 2026 yilda taqdim etishi kutilmoqda — Bloomberg
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Apple 2026 yilda strategiyasini o‘zgartirib, ilk bor sensorli OLED displey bilan jihozlangan noutbuk ishlab chiqmoqda.

Apple 2026 yil oxiriga qadar sensorli ekranli MacBook Pro modelini bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg jurnalisti Mark Gurman xabar berdi. Loyiha amalga oshsa, kompaniya tarixida ilk bor sensorli noutbuk taqdim etiladi.
Eski strategiya
Avval Apple sensorli boshqaruvga ehtiyoj bor foydalanuvchilar iPad tanlaydi, degan pozitsiyada edi. Endi esa strategiya qayta ko‘rib chiqilgan va macOS tizimi sensorli boshqaruvga moslashtirilmoqda. Yangi model OLED displey bilan jihozlanishi kutilmoqda.
Qurilma interfeysi kiritish usuliga qarab o‘zgarishi, ayrim elementlar esa zaruratga qarab o‘lchamini moslashtirishi aytilmoqda. Bu esa noutbukni sensorli boshqaruv uchun ancha qulay qiladi. Tahlilchilar fikricha, bunday yondashuv Apple’ning gibrid qurilmalar segmentiga jiddiy kirib borish niyatidan dalolat beradi.
Yangi MacBook Pro dizayni
Yangi MacBook Pro dizaynida ham o‘zgarish bo‘ladi. «Cho‘lka» sifatida tanilgan kemtik o‘rnini iPhone’lardagi Dynamic Island uslubidagi element egallashi mumkin. Bu ekran maydonidan samaraliroq foydalanish imkonini beradi.
Manbalarga ko‘ra, noutbuk 14 va 16 dyuymli variantlarda chiqariladi hamda M6 Pro va M6 Max chiplari bilan jihozlanadi. Korpus yanada yupqaroq bo‘lishi mumkin, ammo umumiy dizayn hozirgi MacBook Pro modellariga o‘xshash bo‘ladi.
Hozircha texnik xususiyatlar to‘liq oshkor etilmagan. Shu bilan birga, Bloomberg avvalroq Apple sun’iy intellektga asoslangan uchta yangi aksessuar — aqlli ko‘zoynak, AI-kulon va kamerali AirPods ustida ish olib borayotganini ham ma’lum qilgan.



