add

Apple rahbari Tim Kuk 2026 yilda iste’foga chiqishi mumkin

Bugun 21:151291

Apple rahbariyati Tim Kuk o‘rniga Ternusni tayinlashga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yangilik yanvarda e’lon qilinishi mumkin.

Apple rahbari Tim Kuk 2026 yilda iste’foga chiqishi mumkin

Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kuk kelasi yil lavozimini tark etishi mumkin. Bu haqda Financial Times o‘z manbalariga tayanib xabar berdi. Xabarga ko‘ra, kompaniyaning kuzatuv kengashi va yuqori rahbariyati allaqachon Kukning ketishiga tayyorgarlikni faol boshlagan.

Uning o‘rniga Apple’ning apparat ta’minoti bo‘yicha vitse-prezidenti Jon Ternus kelishi mumkin. Hali rasmiy qaror qabul qilinmagan, biroq Ternus kompaniyadagi eng yuqori darajadagi mutaxassis sifatida ko‘rilmoqda.

Manbalar ta’kidlashicha, ushbu kadr o‘zgarishi Apple’ning hozirgi moliyaviy natijalari bilan bog‘liq emas — kompaniya yil yakuniga ko‘ra rekord darajada iPhone sotuvlarini kutmoqda. Shunga qaramay, rahbariyat yangi yetakchilar jamoasiga yil boshida ishni boshlash imkonini berishni xohlamoqda, ayniqsa iyun oyidagi WWDC konferensiyasi va sentabrdagi iPhone taqdimoti oldidan.

Tim Kuk 2011 yildan buyon Apple bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda. U bu lavozimni kompaniya hammuassisi Stiv Jobsdan qabul qilib olgan edi. Kuk o‘zining ehtimoliy ketishi haqida gapirar ekan, Apple’da «o‘zining o‘rnini bosadigan shaxsni aniq belgilash bo‘yicha mukammal reja» borligini aytgan.

Bloomberg nashrining yozishicha, Kuk iste’foga chiqqanidan so‘ng ham kompaniyada qolib, kuzatuv kengashi raisi sifatida faoliyat yuritishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Apple rahbari Tim Kuk 2026 yilda iste’foga chiqishi mumkin | Vaqt.uz