add

AQSH 12 kunlik urushdan so‘ng Eron neftiga ilk bor sanksiya joriy qildi

04.07.2025 | 12:2021184

Vashington 3 iyul kuni Eron nefti eksportiga nisbatan yangi sanksiyalar e’lon qildi. Bu 12 kunlik urushdan keyin Eron energetikasiga qaratilgan ilk iqtisodiy zarba bo‘ldi

AQSH 12 kunlik urushdan so‘ng Eron neftiga ilk bor sanksiya joriy qildi
AQSH Moliya vazirligi ma’lum qilishicha, sanksiyaga uchraganlar orasida Iroq tadbirkori Salim Ahmad Said va uning Birlashgan Arab Amirliklaridagi kompaniyasi bor. Said Eron neftini Iroq nefti bilan aralashtirib, noqonuniy sotishda ayblanmoqda. AQSH moliya vaziri Skott Bessent bayonotida: «Eron tinchlik yo‘li o‘rniga ekstremizmni tanladi. G‘aznachilik Tehronning daromad manbalarini nishonga olish va iqtisodiy bosimni kuchaytirishda davom etadi», dedi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp urushdan so‘ng Eronga nisbatan so‘z bergan yumshoq siyosatidan tezda chekindi. Tramp avval Xitoy Eron neftini xarid qilishi mumkinligini bildirgan va sanksiyalar yumshatilishiga ishora qilgan edi. Biroq u tez orada ijtimoiy tarmoq orqali bu rejalar bekor qilinganini ma’lum qildi. Tramp, shuningdek, Isroilni Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiyga suiqasddan to‘xtatganini aytib, «juda jirkanch va johilona o‘lim»dan uni qutqarganini ta’kidladi. Isroil mudofaa vaziri Israyel Kats esa Xomanaiyni o‘ldirish imkoniyati bo‘lmaganini ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 iyundan boshlab Isroil Eron hududini havodan bombardimon qilishni boshlagan. Urush davomida ikki davlatning yuzlab tinch aholisi va yuqori lavozimli harbiylari halok bo‘lgan. 22 iyunga o‘tar kechasi Tramp AQSH harbiylari Eronning Fordo, Natenz va Isfahondagi uchta yadroviy ob’ektiga muvaffaqiyatli hujum qilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Tehron mojaroni tugatishga majbur bo‘lishi kerak. 24 iyun kuni esa Tramp Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganini e’lon qildi.

Teglar

Mavzuga oid