
AQSH 66 ta xalqaro tuzilmadan chiqishini e’lon qildi
Donald Tramp ma’muriyati AQSH manfaatlariga javob bermaydi deb baholangan 66 ta xalqaro tashkilotdan chiqish haqida qaror qabul qildi.

Oq uy AQSHning 66 ta xalqaro tashkilotdan chiqishi haqida rasman ma’lum qildi. Qarorga ko‘ra, ushbu tuzilmalar endilikda Amerika manfaatlariga xizmat qilmaydi deb topilgan.
Ma’lumotlarda qayd etilishicha, Donald Tramp topshirig‘iga muvofiq, federal idoralar BMT tizimiga kiruvchi 31 ta, BMTdan tashqari bo‘lgan 35 ta xalqaro tashkilot faoliyatida ishtirok etish va ularni moliyalashtirishni to‘xtatadi.
Oq uy bayonotida ushbu qaror tashqi siyosatni qayta ko‘rib chiqish va xalqaro majburiyatlarni AQSHning milliy manfaatlariga moslashtirish siyosati doirasida qabul qilingani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, gap faqat formal a’zolik emas, balki budjet mablag‘larining samarali sarflanishi haqida ham bormoqda.
Avvalroq Tramp AQSHning harbiy byudjeti keskin oshirilishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, global beqarorlik sharoitida mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun mudofaa xarajatlarini 1,5 trln dollargacha yetkazish zarur.
Ekspertlarning fikricha, xalqaro tuzilmalardan chiqish AQSH tashqi siyosatida izolyatsionizm elementlarining kuchayishidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Vashington bu qaror orqali tashqi xarajatlarni qisqartirish va strategik ustuvorliklarni qayta belgilashni ko‘zlamoqda.





