add

AQSH 75 ta davlat fuqarolariga viza berishni to‘xtatmoqda — OAV

Bugun 21:382 daqiqa

Gap immigratsiya qonunchiligidagi «ijtimoiy yuklama» deb ataladigan qoida haqida ketmoqda.

AQSH 75 ta davlat fuqarolariga viza berishni to‘xtatmoqda — OAV

AQSH Davlat departamenti 75 ta davlat, jumladan Rossiya, Eron, Braziliya va Somali fuqarolari uchun vizalarni rasmiylashtirishni to‘xtatadi. Bu haqda Fox News telekanali xabar bermoqda. Kanal Davlat departamentining «barcha vizalar» berilishini to‘xtatish haqidagi hujjati bilan birinchi bo‘lib tanishganini iddao qilmoqda.

Qaror 21-yanvardan kuchga kiradi va idora viza berish «jarayonini qayta baholagunga qadar» noma’lum muddat davomida amal qiladi.

Kanalning ta’kidlashicha, Davlat departamenti bunday qarorni mulozimlar fikriga ko‘ra «davlat uchun yuk bo‘lishi mumkin bo‘lgan arizachilarga qarshi kurashish maqsadida» qabul qilgan.

Fox News ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil noyabr oyida Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab konsulliklarga telegramma yuborgan bo‘lib, unda diplomatlarga viza arizachilarini tekshirishning yangi qoidalarini qo‘llash topshirilgan.

«Gap immigratsiya qonunchiligidagi «ijtimoiy yuklama» deb ataladigan qoida haqida ketmoqda», - deyiladi kanal xabarida.

Ushbu qoidaga ko‘ra, konsullik xodimlari AQSHda ijtimoiy nafaqalar olishga harakat qilishi mumkin deb hisoblangan arizachilarga viza berishni rad etishlari kerak. Saralash mezonlari qatorida — salomatlik, yosh, ingliz tilini bilish darajasi, moliyaviy holat va hatto uzoq muddatli tibbiy yordamga bo‘lgan potensial ehtiyoj ham bor. Gap qaysi turdagi vizalar haqida ketayotgani noaniq.

Shuningdek, Fox News Davlat departamenti vakili Tommi Pigottning bayonotidan iqtibos keltirdi. U aynan qachon bu bayonot bilan chiqqani telekanal xabaridan noaniq.

Mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Davlat departamenti «AQSH uchun yuk bo‘lishi va Amerika xalqining saxovatidan foydalanishi mumkin bo‘lgan» potensial immigrantlarni talablarga javob bermaydi deb topish uchun o‘z vakolatlaridan foydalanadi.

«Davlat departamenti ijtimoiy ta’minot va davlat imtiyozlarini oladigan chet el fuqarolarining kirishini oldini olish maqsadida immigratsiya nazorati tartiblarini qayta ko‘rib chiqqunga qadar, ushbu 75 ta davlatdan immigratsiya to‘xtatiladi», - deb Fox Pigottdan iqtibos keltiradi.

AQSH 2025 yilda Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng migratsiya siyosatini izchil ravishda qattiqlashtirmoqda. Avvalroq mamlakatda, jumladan, turistik va o‘quv vizalarini berish qoidalari qattiqlashtirildi, AQSH vizasiga ega bo‘lgan barcha shaxslarni ommaviy tekshirish boshlandi, grin-karta lotereyasi to‘xtatildi, shuningdek, chet elliklar uchun ishchi vizalari uchun 100 ming dollar miqdorida yig‘im belgilandi.

Teglar

Mavzuga oid