add

AQSH davlat kotibi USAID agentligi yopilganini rasman e’lon qildi

30.08.2025 | 08:4033044

Davlat departamenti rahbari Marko Rubio USAID faoliyatini tugatishni e’lon qildi. Ta’sis etilganiga 60 yildan oshgan agentlik taqdiri tanqid va bahslarga sabab bo‘ldi.

AQSH davlat kotibi USAID agentligi yopilganini rasman e’lon qildi
AQSH Davlat departamenti rahbari Marko Rubio USAID agentligi faoliyati rasman tugatilganini 28 avgust kuni ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi. Unga ko‘ra, agentlikning ba’zi muhim loyihalari Davlat departamenti tarkibiga o‘tkaziladi, qolganlari esa butunlay yopiladi. Yopish jarayoniga Prezident ma’muriy-byudjet boshqarmasi direktori Rassel Vout rahbarlik qiladi. Marko Rubioning ta’kidlashicha, USAID «ancha vaqtdan beri o‘z yo‘lidan chiqib ketgan» va so‘nggi oylarda agentlik byudjeti qisqartirilib, jami 5800 ga yaqin grant tugatilgan. Ular orasida Ukraina, Efiopiya va Iordaniyadagi yirik humanitar loyihalar ham bor. Agentlik 1961 yilda Kongress qarori bilan tashkil etilgan va har yili taxminan 43 mlrd dollar byudjeti bo‘lgan. Dunyo bo‘ylab 10 mingga yaqin xodim faoliyat yuritgan. USAID dasturlari tufayli 90 mln nafarga yaqin inson, jumladan 30 mln bolaning hayoti saqlab qolingani qayd etilgan. Biroq Donald Tramp ma’muriyati agentlikni doimiy ravishda tanqid qilib kelgan. Prezident USAID’ni soliq to‘lovchilar pullarini «isrof qilish» va hatto biologik qurollar bo‘yicha tadqiqotlarni «moliyalashtirish»da ayblagan. Ilk bahorda Ilon Mask ishtirokidagi audit ham agentlikni «samarasiz va AQSH fuqarolariga foyda keltirmaydigan», deb baholagan. Shu bilan birga, xalqaro ilm-fan jamoalari USAID yopilishi oqibatida 2030 yilgacha kamida 14 mln kishi halok bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. The Lancet jurnalida chop etilgan tahlilda aytilganidek, bu halokatlarning uchdan bir qismi bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Kongressda bu qaror tanqidga uchragan — AQSH prezidenti Kongress tasdiqisiz agentlikni tugatish huquqiga ega emasligi ta’kidlangan. Ammo qonuniy tortishuvlar va sud jarayonlariga qaramasdan, Oq uy USAID’ni yopish jarayonini yakunladi.  

Teglar

Mavzuga oid

AQSH davlat kotibi USAID agentligi yopilganini rasman e’lon qildi | Vaqt.uz