add

AQSH elchisi Taydeda cherkovga qilingan hujumni «terrorchilik akti» deb atadi

20.07.2025 | 20:3033553

AQSHning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi G‘arbiy Sohildagi nasroniylar cherkoviga qilingan hujumni terroristik harakat, deb atadi va jinoyatchilarni jazolashga chaqirdi.

AQSH elchisi Taydeda cherkovga qilingan hujumni «terrorchilik akti» deb atadi
Xakabi 8 iyul kuni Taydeda sodir etilgan voqea — V asrga oid cherkov va qabristonning yoqib yuborilishini shaxsan o‘rgandi. Uning ta’kidlashicha, bunday jinoyatlarga faqat og‘zaki tanbeh bilan cheklanish mumkin emas. Hujumchilar topilib, javobgarlikka tortilishi shart. Elchi ushbu bayonotni bir necha kun oldin yahudiy ko‘chkindilari (Falastin yerlariga Isroildan ko‘chirib kelingan yahudiylar) tomonidan o‘ldirilgan falastin-amerika fuqarosibo‘lgan yigit ishi yuzasidan so‘zlagan edi. U buni ham «terrorchilik akti» sifatida baholagan va jiddiy tergov talab qilgandi. Mayk Hakabi Isroildagi ko‘chkindilar manzilgohlari himoyachisi sifatida tanilgan bo‘lsa-da, u bu safar keskin bayonot bilan chiqdi. Bu esa Tramp ma’muriyati tomonidan Isroilga nisbatan bildirilgan noodatiy tanqidlardan biri sifatida qayd etilmoqda. 2023 yil 7 oktyabrdan beri G‘arbiy Sohildagi ko‘chkindilar falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlikni yanada kuchaytirgan. BMTning Xalqaro sudi o‘tgan yili 1967 yilgi urushda Isroil egallagan va keyinchalik manzilgohlar  qurilgan hududlarni noqonuniy, deb e’lon qilgan. Shu bilan birga, ko‘plab hisobotlarga ko‘ra, harbiylar himoyasidagi qurollangan ko‘chkindilar yerli fuqarolarga qarshi zo‘ravonlikni davom ettirmoqda. Bu orada Isroil hukumatining ayblovlarni rad etishi va hech qanday chora ko‘rmasligi xalqaro hamjamiyatni tashvishga solmoqda.

Teglar

Mavzuga oid