add

AQSH Eronga zarba berdi: eng asosiy ma’lumotlar

22.06.2025 | 12:30411918

Amerikaning amaldagi prezidenti Donald Tramp 22 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 0:50 da Fo‘rdu, Natanz va Isfahonda joylashgan Eronning uchta yadroviy ob’ektiga muvaffaqiyatli zarbalar berilganini ma’lum qildi. U bu haqda o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

AQSH Eronga zarba berdi: eng asosiy ma’lumotlar
«Barcha samolyotlar Eron havo hududini allaqachon tark etdi», — deb yozdi Tramp va Fo‘rdu yadroviy majmuasiga «bombalarning to‘liq to‘plami» tashlanganini alohida ta’kidladi. CNN telekanali manbasining xabar berishicha, vaziyat bilan tanish manba ma’lumotiga ko‘ra, harbiy operatsiya vaqtida Amerika harbiylari tomonidan B-2 turkumiga kiruvchi bombardimonchi samolyotlar qo‘llangan. Telekanal manbalariga tayanib bildirishicha, AQSH Fo‘rdu yadroviy majmuasiga qarshi ilk bor jang sharoitida 30 000 funt (31,6 tonna) og‘irlikdagi GBU-57A/B turdagi Massive Ordnance Penetrator (MOP) aviabombalarini ishlatgan. Isfahon va Natanzdagi ob’ektlarga esa Tomahawk turkumiga mansub qanotli raketalar orqali zarba berilgan — ular AQSHning suvosti kemalaridan uchirilgan. Eronga qarshi zarba haqidagi xabar e’lon qilinganidan taxminan yarim soat o‘tgach, Tramp Oq uydan millatga murojaat bilan chiqishini ma’lum qildi. Unda Erondagi harbiy operatsiya haqida to‘liq ma’lumot berilishini aytdi. «Bu AQSH, Isroil va butun dunyo uchun tarixiy palladagi voqeadir, — deb yozdi u chiqishidan oldin. — Eron endi bu urushni to‘xtatishga rozi bo‘lishi shart».   Trampning murojaati Tramp AQSH qurolli kuchlari tomonidan Fo‘rdu, Natanz va Isfahondagi uchta asosiy yadroviy ob’ektga berilgan zarbalar «keng ko‘lamli va aniq yo‘naltirilgan» bo‘lganini ta’kidladi. «Bizning maqsadimiz — Eronning uranni boyitish bo‘yicha yadroviy salohiyatini yo‘q qilish va terrorizmning dunyodagi asosiy homiysi sanalgan davlat tomonidan kelayotgan yadroviy tahdidni bartaraf etishdan iborat edi, — dedi Tramp o‘zining taxminan 3,5 daqiqa davom etgan chiqishida. — Bugun kechqurun butun dunyoga shunga aminlik bilan ma’lum qilishim mumkin: zarbalar favqulodda harbiy muvaffaqiyatga aylandi. Erondagi asosiy yadroviy boyitish ob’ektlari butunlay va qaytib tiklanmas darajada yo‘q qilindi». Amerika prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Eron «endi tinchlik kelishuvini imzolashga majbur». «Agar bu sodir bo‘lmasa, keyingi zarbalar bundan ham ko‘lami katta bo‘ladi», — deb tahdid qildi u. Trampning ta’kidlashicha, so‘nggi 40 yil davomida Eron AQSH va Isroilni yo‘q qilishga da’vat qilgan, minglab insonlarning, jumladan 1000 dan ortiq amerikaliklarning halokatiga olib kelgan teraktlar uyushtirgan. «Men bunga endi yo‘l qo‘ymaslikka ancha oldin qaror qilganman. Endi bu davom etmaydi», — dedi u. Murojaati davomida Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga minnatdorlik bildirdi va uni tabrikladi. «Biz jamoa sifatida ishladik — balki hech qanday jamoa bu darajada birlashmagan bo‘lsa kerak — va birgalikda Isroilga xavf solayotgan bu dahshatli tahdidni bartaraf etish sari ulkan qadam tashladik», — dedi u. Tramp, shuningdek, operatsiyani amalga oshirgan Amerika harbiylarini ham tabrikladi. «Umid qilamanki, kelajakda bunday ko‘rinishda ular yordamiga muhtoj bo‘lmaymiz. Men chin dildan shunday bo‘lishini istayman», — deya qo‘shimcha qildi u. AQSH prezidenti ogohlantirishicha, agar Eron tinchlikka kelishmasa, «bundan-da katta fojea» yuz berishi mumkin. Shu bilan birga, Tramp 22 iyun kuni soat 8:00 (Toshkent vaqti bilan 13:00) da Pentagonda AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tishini ham e’lon qildi.   Eronning munosabati AQSHning zarbalaridan so‘ng ilk marta omma oldida bayonot bergan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy Vashingtonni xalqaro huquqni buzganlikda aybladi. «BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Eronning tinch yadroviy ob’ektlariga zarba berish orqali BMT Nizomi, xalqaro huquq va Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani jiddiy ravishda buzdi», — dedi Aroqchiy. «bugungi tongda yuz bergan voqealar juda ham g‘azablantiruvchi va uzoq muddatli oqibatlarga olib keladi». Eron BMT Xavfsizlik kengashidan favqulodda yig‘ilish o‘tkazishni talab qildi. Aroqchiy qo‘shimcha qilib, Eron «o‘z suvereniteti, manfaatlari va xalqini himoya qilish uchun barcha vositalardan foydalanish huquqini o‘zda saqlab qoladi», dedi. Shu bilan bir vaqtda Isroil armiyasi Eron tomonidan raketalar uchirilganini ma’lum qildi. Xayfa va Tel Avivga zarbalar berilgani haqida xabar qilingan.   Isroilning munosabati Isroil bosh vaziri chiqargan videomurojaatida Trampning qarorini olqishladi. «Prezident Trampni tabriklayman. Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berish to‘g‘risidagi jasur qaroringiz AQSHning dahshatli va adolatli qudrati orqali tarix yo‘nalishini o‘zgartirdi. <…> Eron yadroviy infratuzilmasiga qarshi o‘tkazilgan bugungi operatsiyada Amerika benazir harakat qildi. Yer yuzida hech qaysi davlat amalga oshira olmaydigan ishni Amerika bajardi. Tarix prezident Trampni — dunyodagi eng xavfli rejimni eng xavfli quroldan mahrum qilgan rahbar sifatida yodda saqlaydi». Binyamin Netanyahu ta’kidlashicha, «Trampning bugungi yetakchiligi tarixda burilish yasagan nuqtani yaratdi, bu esa Yaqin Sharq va boshqa mintaqalarni farovonlik va tinchlik kelajagiga yetaklashi mumkin». U Isroil xalqi nomidan Trampga minnatdorlik izhor qilib shunday dedi: «Biz prezident Tramp bilan “kuch orqali tinchlik” borasida tez-tez shunday gaplashamiz: avvalo kuch keladi, keyin tinchlik. Bugun esa prezident Tramp va AQSH ulkan kuchni namoyon qildi».   Amerika Kongressining munosabati CNN telekanali manbalarga tayanib xabar berishicha, AQSH Eronga berishi rejalashtirilgan zarbalar haqida bir qator kongress a’zolari oldindan xabardor qilingan. Ular orasida Senatning razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a’zolari va vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson ham bo‘lgan. Jumladan, respublikachi Rik Krouford operatsiya boshlanishidan avval Oq uy bilan doimiy aloqada bo‘lganini aytdi. «Bu harakatlar boshlanishidan oldin men Oq uy bilan aloqada edim va yaqin kunlarda vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etaman, — deb yozdi Krouford X tarmog‘ida. — Prezident Trampning qat’iy harakatlarini olqishlayman va aniq va muvaffaqiyatli zarbalar uchun Amerika harbiylariga minnatdorlik bildiraman». Respublikachi senator Lindsi Grehem ham Eronga zarba berish haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatladi. «Juda yaxshi. Bu to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Bu rejim buni munosib ko‘rdi. A’lo darajadagi ish, prezident Donald Tramp. Aziz vatandoshlarim, bizda dunyodagi eng kuchli harbiy-havo kuchlari bor. Men bu bilan faxrlanaman. Parvoz, jang, g‘alaba qozonish!» — deb yozdi u X tarmog‘ida. Biroq AQSHning harbiy operatsiyasini ko‘plab qonun chiqaruvchilar qoraladi. Respublikachi Tomas Messi bu qarorga qisqacha javob berdi. U X tarmog‘ida shunday yozdi: «Bu — Konstitutsiyaga zid». Senator-demokrat Tim Keyn o‘z bayonotida Amerika jamoatchiligi katta aksariyat bilan Eronga qarshi urushga qarshi ekanini ta’kidladi. «Kecha Isroil tashqi ishlar vaziri Eronning yadroviy dasturi Isroil bombardimonlari sabab kamida ikki-uch yilga ortga surilganini e’tirof etdi. U holda nima uchun Tramp aynan bugun shoshma-shosharoq va xatarli qaror qabul qildi? Bu – dahshatli qaror. Men shunga erishamanki, har bir senator ovoz bersin – ular Yaqin Sharqdagi bu uchinchi ahmoqona urushni qo‘llab-quvvatlashadimi yoki yo‘q», — deb yozdi u. Demokrat kongressvumen Rashida Tleyb yangi urush xavfi borasida xavotir bildirdi. «Prezident Tramp Kongress roziligisiz Eronni bombardimon qilish uchun Amerika qo‘shinlarini yubordi — bu bizning Konstitutsiyamizga ochiq-oydin zid holatdir. Amerika xalqi yana bir tugamas urushni istamaydi, — deb yozdi u X tarmog‘ida. — Amerika xalqining ovozini eshitish o‘rniga, Tramp Iroq masalasida aldagan, hozir esa Eron masalasida yana aldoqchi harbiy jinoyatchi Netanyaxuni tinglamoqda. Kongress bu Konstitutsiyaga zid tajovuzni zudlik bilan to‘xtatishi kerak». Demokrat kongressvumen Yassamin Ansoriy Trampning harakatlarini «noqonuniy» deb atadi va Kongressning harbiy vakolatlar bo‘yicha rezolyutsiyasini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilishni zudlik bilan chaqirishni talab qilishini ma’lum qildi. Demokrat kongressvumen Aleksandriya Okasio-Kortes esa Tramp «butun avlodlarga yetib boradigan urushni boshlash xavfiga bemaslahat qo‘l urdi» deb baho berdi. U qo‘shimcha qildi: «Bu mutlaq va shubhasiz impichment uchun asos bo‘ladi».   BMTning munosabati BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish AQSHning Eronga bergan zarbasini xavfli eskalatsiya deb baholadi va tinchlikka chaqirdi. «Men AQSH tomonidan bugun Eronga nisbatan qo‘llanilgan kuchdan chuqur xavotirdaman. Bu – allaqachon tarang vaziyatda bo‘lgan mintaqada xavfli eskalatsiya bo‘lib, xalqaro tinchlik va xavfsizlikka bevosita tahdid soladi, – dedi Guterrish. – Mojaro nazoratdan chiqib ketishi va bu tinch aholi, butun mintaqa va dunyo uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi xavfi tobora ortib bormoqda». U shuningdek, vaziyatni yumshatishga chaqirdi. «Bu xavfli paytda besabrlikni jilovlash va beqarorlikka yo‘l qo‘ymaslik juda muhim. Muammoning harbiy yechimi yo‘q. Oldinga yo‘l — bu faqat diplomatiya», — deya urg‘u berdi u. Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro 13 iyun kuni avj olgan edi. Isroil Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berib, bir necha yuqori martabali eronlik harbiylarni yo‘q qildi. Bunga javoban Tehron Isroil hududiga raketa va dron zarbalarini boshladi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH Eronga zarba berdi: eng asosiy ma’lumotlar | Vaqt.uz