
AQSH Eronni bombaladi, Tramp Eronga yanada yangi zarbalar bilan tahdid qildi
22.06.2025 | 12:1022534
AQSH prezidenti Donald Tramp Fo‘rdu, Natanz va Isfahondagi Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berganini tasdiqlab, yanada kuchli hujumlar bilan tahdid qildi. Tehron esa tezda javob qaytarishini bildirdi va BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishiga chaqirdi.

AQSH Eron yadroviy infratuzilmasiga zarba berdi. Donald Tramp shanba kuni Fo‘rdu, Natanz va Isfahon yadroviy ob’ektlariga qilingan havo hujumlarini shaxsan tasdiqladi. Unga ko‘ra, bu inshootlar «to‘liq va butunlay yo‘q qilingan».
Bir necha soat o‘tib, Oq uyda qilgan bayonotida Tramp Eronni yanada katta fojealar bilan ogohlantirdi. «Eron ikki yo‘l ostonasida turibdi: yo tinchlik, yo oxirgi sakkiz kunda ko‘rilgandan ham og‘irroq fojia», — dedi u.
U AQSHning hujumlarini «aniq, tezkor va mohirona» deb ta’rifladi va agar tinchlik bo‘lmasa, yana ko‘plab nishonlar borligini bildirdi. AQSH harbiylari birinchi marta GBU-57 turidagi «bunkerbuzar» bombalardan foydalanganini ma’lum qildi. Ushbu bomba Fo‘rdu yadroviy markazida qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, AQSH dengiz kuchlari ham amaliyotda qatnashdi — taxminan 30 ta «Tomahavk» qanotli raketa uchirildi. Bu hujumlar Isroil bilan kelishilgan holda amalga oshirildi. Tramp bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan «jamoaviy ish olib borilganini» va bu hamkorlik «benazir» bo‘lganini aytdi.
Netanyaxu o‘z murojaatida Trampni Isroil tarixidagi eng yaqin do‘st deb atadi. «U menga qo‘ng‘iroq qildi — bu samimiy va hissiyotli suhbat bo‘ldi», — dedi u va butun yahudiy xalqi nomidan rahmat bildirdi.
Ikki tomondan qilingan hujumlar ortidan Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy javob qaytarilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron «barcha imkoniyatlarni o‘zida saqlab qoladi».
Islom jumhuriyatining BMTdagi elchisi Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini talab qildi. U AQSHning harakatlarini «huquqsiz va jirkanch hujumlar» deb atadi.
Vashingtonda joylashgan inson huquqlari tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil zarbalari natijasida kamida 865 nafar eronlik halok bo‘lgan, 3396 nafar kishi yaralangan. Ular orasida 363 nafar fuqaro va 215 nafar xavfsizlik xizmatlari xodimlari bor.





