add

AQSH ham Eron bilan urushga tayyorlanmoqda: Tehron nima bilan javob bera oladi?

19.06.2025 | 08:0030248

Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroga AQSH ham aralashishi kutilmoqda. Oq uy rahbari Donald Tramp yaqin 48 soat ichida tegishli qaror qabul qilishi mumkin. Agar Eron AQSH bilan urushga kirishsa, Tehronni nima kutmoqda?

AQSH ham Eron bilan urushga tayyorlanmoqda: Tehron nima bilan javob bera oladi?
Tehron Vashington tomonidan mumkin bo‘lgan hujumga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. TRT nashrining amerikalik rasmiylarga tayangan holda tarqatgan xabarlariga ko‘ra, Eron allaqachon AQSH bazalariga zarba berish uchun raketa va boshqa qurollarni tayyorlab qo‘ygan. Yaqin Sharqda joylashgan bu davlatning xavotirga tushishi uchun asoslar bor — AQSH prezidenti Donald Tramp kecha Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida bayonot berdi va mamlakat hukumatidan «shartsiz taslim bo‘lish»ni talab qildi. Tramp raketa zarbalari amerikalik askarlar yoki tinch aholiga qaratilmasligini xohlashini aytdi, biroq «sabri tugash arafasida» ekanini urg‘uladi. Shuningdek, u: «Oliy rahbar» qayerda yashiringanini aniq bilamiz. U oson nishon, lekin hozircha xavfsiz joyda — biz uni o‘ldirishni rejalashtirayotganimiz yo‘q. Hech bo‘lmaganda, hozircha», deb qo‘shimcha qildi. Eron AQSH hujumiga qanday javob bera oladi? Bu haqda TRT nashriga Telegram’dagi «Sharq darvozalari» kanalining muallifi Andrey Ontikov fikr bildirdi. — AQSH Eronga qarshi urushga aralashishi mumkinmi? Agar shunday qaror qabul qilinsa, Tehronni nima kutmoqda? — Ular urushga kiradimi-yo‘qmi — bu, aslida, qahva quyqasiga qarab fol ochishga o‘xshaydi. Ammo agar qaror ijobiy bo‘lsa, eng asosiy savol — ularning bu mojaradagi ishtiroki qay darajada keng ko‘lamli bo‘ladi? Faqat Eronning yadro dasturiga oid ob’ektlarini yo‘q qilish bilan cheklanishadimi yoki Tehrondagi hukumatni o‘zgartirishga ham harakat qilishadimi — aynan shu jihat barcha narsani belgilab beradi. Ammo har qanday holatda ham aniqki: eronliklar amerikaliklarga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmaydi. — Tehronning qurollar hozirlashi befoydami? — Ular AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiylari — Iroq va Suriyadagi kontingentlariga zarba berishga urinshi mumkin. Lekin hatto bu zarbalar og‘riqli bo‘lsa ham, umumiy manzarani o‘zgartirolmaydi, urush natijasiga ta’sir qilmaydi. Eron nima qilishi mumkin — Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ya oladi. Ammo, menimcha, bu ham vaqtincha chora bo‘ladi. Tasavvur qilaylik, ular bo‘g‘ozni yopishdi — bu holat haqiqatan ham Fors ko‘rfazidagi neftga boy monarxiyalarga katta zarar yetkazadi. Neft narxi ehtimol, osmonga chiqib ketadi. Ammo shuni hisobga olish kerakki, bo‘g‘ozni minalash, kemalarni cho‘ktirish, o‘tish yo‘llarini to‘sish — bularning barchasi vaqtincha choralar, xolos. Bularga qarshi choralar ham mavjud. Minalashga — minalarni tozalash, cho‘ktirilishi mumkin bo‘lgan kemalarga — tor koridorlar yaratish. Ya’ni, aslida, bunday harakatlarga texnik yechimlar bor: kemalarni boshqa yo‘nalishga burish, neft va suyultirilgan gaz tashuvchi tankerlar uchun yangi marshrutlar belgilash. Har qanday holda ham, bu ta’sir uzoq davom etmaydi. Shu bois, albatta, bunday ssenariyda Eron taqdiri qiyin kechishi turgan gap. Lekin yana takrorlayman: hammasi AQSH qanchalik katta ko‘lamda aralashishiga bog‘liq. — Agar AQSH urushga kirmasa, voqealar qanday rivojlanishi mumkin? — Agar buning barchasi faqat shunchaki do‘q po‘pisa bo‘lsa, mojaro uzoqqa cho‘zilishi mumkin: charchatuvchi urushlar, o‘zaro zarbalar almashinuvi va holdan toydiruvchi harbiy harakatlarga aylanadi. Mana shunday vaziyatda muammolar eronliklarda emas, balki Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuda paydo bo‘la boshlaydi. Chunki uzoq davom etadigan kurashda eronliklar, aslida, bosimga chidamli ekani ma’lum. Agar urush oylab davom etsa, shunda Netanyahuning o‘ziga nisbatan tanqidlar paydo bo‘ladi. Axir, u urushni boshladi, lekin qo‘yilgan maqsadga yetishishi qiyin bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid