add

AQSH «Hizbulloh»ga qurolni tashlash evaziga tinchlik va taraqqiyot va’da qilmoqda

08.07.2025 | 09:2022944

AQSH «Hizbulloh» harakatining qurolsizlanishini talab qilar ekan, Livan hukumatiga tinchlik, siyosiy integratsiya va mintaqaviy barqarorlik istiqbolini taklif qilmoqda.

AQSH «Hizbulloh»ga qurolni tashlash evaziga tinchlik va taraqqiyot va’da qilmoqda
Bu haqda AQSHning Suriya bo‘yicha maxsus vakili va Turkiyadagi elchisi Tomas Barrak ma’lum qildi. Barrak Bayrutda Livan prezidenti Jozef Aun bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazgan matbuot anjumanida muzokaralardan qoniqish bildirib, Livan tomoni «ijobiy va o‘ylangan» javob taqdim etganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH va Livan «harakatlar rejasi ustida ishlamoqda» va bu jarayonda ochiq muloqot muhim ahamiyat kasb etadi. Livan rasmiylari mamlakatda qurol faqat davlat qo‘lida bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, Isroildan 2024 yil noyabrida erishilgan otashkesim shartlariga rioya etishni talab qilmoqda. Barrak esa «Hizbulloh»ning siyosiy partiya sifatida kelajagini ko‘rishi, harakatga faqat qarshi bo‘lgan yo‘l emas, balki tinchlik va farovonlikka olib boruvchi imkoniyat sifatida qaralishi kerakligini urg‘uladi. AFP agentligi manbalariga ko‘ra, Livan hukumati Vashingtonga dastlabki javob variantini yuborgan va AQSH unda o‘zgartishlar so‘ragan. Shundan so‘ng livanlik amaldorlar hujjatning yakuniy shaklini ishlab chiqdi. Barrak Livanni mintaqa rivoji ortidan qolayotgani haqida ogohlantirib, Suriya va Isroil o‘rtasida muzokaralar boshlanganini, Livan esa o‘z yondashuvini qayta ko‘rib chiqishi zarurligini ta’kidladi. Noyabrda imzolangan otashkesimiga ko‘ra, «Hizbulloh» jangarilari Litani daryosidan shimoliga, Isroil chegarasidan 30 km uzoqqa olib chiqilishi, Isroil esa Livandan chiqib ketishi kerak edi. Ammo Isroil beshta strategik hududni nazoratda saqlayotgani, zarbalarni davom ettirayotgani va «Hizbulloh»ning qurolsizlanishi sust ketmoqda deb ta’na qilayotgani qayd etilgan. Livan tomoni esa janubdagi harakat infrastrukturasi demontaj qilinganini bildirgan. «Hizbulloh» rahbari Naim Qosim esa yaqindagi chiqishida harakat Isroil bosimi ostida taslim bo‘lmasligini ma’lum qilib, avval Isroil okkupatsiyani tugatishi, asirlarni ozod qilishi kerakligini aytdi. Shundan so‘ng, Livan milliy xavfsizlik strategiyasini, shu jumladan «Hizbulloh»ning ehtimoliy qurolsizlanishini muhokama qilishga tayyor bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH «Hizbulloh»ga qurolni tashlash evaziga tinchlik va taraqqiyot va’da qilmoqda | Vaqt.uz