AQSH, Isroil va Eron urushi: 15-kun voqealari
Amerika Eronning Xark oroliga zarba berdi va Tehron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnoviga to‘sqinlik qilsa, keyingi nishon neft obyektlari bo‘lishidan ogohlantirdi.

AQSH va Isroilning Eronga qarshi uchinchi haftasiga qadam qo‘ygan urushi keskinlashishda davom etmoqda. AQSH kuchlari Eron neft eksportining asosiy qismi o‘tadigan strategik markaz — Xark orolidagi harbiy nishonlarga zarba berdi. AQSH президенти Donald Tramp Vashington hozircha orolning neft infratuzilmasiни ataylab saqlab qolganini, biroq Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnoviga xalaqit bersa, ular ham nishonga olinishini ta’kidladi.
Tehron esa, o‘z navbatida, energetika obyektlariga qilingan har qanday hujum mintaqadagi neft infratuzilmasi va AQSH ittifoqchilarining aktivlariga qarshi javob zarbalariga sabab bo‘lishini bildirdi. Bu esa Fors ko‘rfazida keng ko‘lamli energetika va xavfsizlik inqirozi yuzaga kelishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
So‘nggi ma’lumotlar:
Erondagi vaziyat
· Birgalikdagi hujum: Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Tehronning Livandagi ishonchli vakili bo‘lgan «Hizbulloh» bilan hamkorlikda Isroilga raketa va dronlar uchirganini ma’lum qildi. IIMK o‘z bayonotida ushbu amaliyot Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yillik «Al-Quds kuni» doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi.
· Eron oliy rahbari «yaralangan»: AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Eronning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy yaralanganiga ishonishini aytdi. «Bizga ma’lumki, yangi «oliy rahbar» deb atalayotgan shaxs yaralangan va ehtimol, yuz-qiyofasiga jiddiy shikast yetgan», — dedi u.
· 10 million dollar mukofot: AQSH Davlat departamenti Xomanaiy va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollar mukofot e’lon qildi.
· Xark oroliga hujumlar: Tramp AQSH kuchlari Eron iqtisodiyoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan Xark orolidagi harbiy inshootlarni bombalaganini ma’lum qildi. Eron neft eksportining qariyb 90 foizi aynan shu orol orqali Fors ko‘rfazi va Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yo‘naltiriladi.
· Qurbonlar soni ortmoqda: Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 28-fevraldan beri AQSH va Isroilning Eronga hujumlari oqibatida kamida 1 444 kishi halok bo‘ldi, 18 551 kishi jarohatlandi.
Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi vaziyat
· Eronning javob zarbalari: Eron Fors ko‘rfazi mintaqasi bo‘ylab AQSH aktivlari, harbiy bazalari va tijorat obyektlariga uchuvchisiz uchish apparatlari va raketalar bilan javob zarbalari bermoqda.
· Saudiya Arabistoni dronlarni urib tushirdi: Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi 13-mart kuni oltita dron tutib olingani va yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
· Qatar: Qatar Qurolli kuchlari mamlakat tomon uchirilgan raketani muvaffaqiyatli tutib oldi. Hujumdan oldin hukumat aholini kelayotgan raketa yoki dronlar haqida ogohlantirib, mobil telefonlarga xavfsizlik signalini yubordi.
· Bahrayn: Mamlakatda sirenalar yangradi. Ichki ishlar vazirligi barcha fuqarolar va aholini xotirjamlikni saqlashga hamda eng yaqin xavfsiz joyga yo‘l olishga chaqirdi.
· O‘mon: Yaqinda O‘monda qulagan dronlar oqibatida ikki kishi halok bo‘lganidan so‘ng, Sulton Haysam bin Tariq va Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy telefon orqali muloqot qildi. Rahbarlar muloqot va mintaqaviy keskinlikni kamaytirishga chaqirdi.
· «Formula-1» poygalari bekor qilindi: Urush butun mintaqani qamrab olayotgani sababli Bahrayn va Saudiya Arabistonidagi «Formula-1» poygalari bekor qilinishi yoki boshqa muddatga ko‘chirilishi xabar qilinmoqda. Bahrayn bosqichi aslida 10–12-aprel kunlariga, Saudiya Arabistoniniki esa bir hafta keyinga rejalashtirilgan edi.
AQSHdagi vaziyat
· Yirik harbiy safarbarlik: AQSH armiyasi kotibi Den Driskollning so‘zlariga ko‘ra, Eronning davom etayotgan dron hujumlari va mintaqaviy tahdidlarga qarshi turish uchun Yaqin Sharqqa 10 000 dona tutib oluvchi dron yuborilmoqda. Bundan tashqari, AQSH ommaviy axborot vositalari Pit Hegset tomonidan ma’qullangan 2 500 nafar dengiz piyodasi va «USS Tripoli» desant kemasi mintaqaga joylashtirilishi mumkinligi haqida xabar bermoqda.
· Keskin ritorika va mukofotlar: AQSHning tajovuzkor pozitsiyasini ifodalagan Hegset AQSH armiyasi «dushmanga nisbatan shafqat qilmasligini» ta’kidladi. Ushbu bayonot demokrat kongressmen Yujin Vindmanda ehtimoliy noqonuniy buyruqlar berilishi borasida xavotir uyg‘otdi.
· Neft infratuzilmasiga tegilmadi: Xark orolidagi harbiy inshootlar vayron qilingan bo‘lsa-da, Tramp orolning neft infratuzilmasiga zarba bermaslikni lozim topganini aytdi. Orolda Eron neft eksporti tizimi bilan bog‘liq muhim energetika obyektlari, jumladan, omborxonalar, yuklash terminallari va quvurlar mavjud.
· Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha ultimatum: Tramp «Truth Social» tarmog‘idagi postida agar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning erkin va xavfsiz qatnoviga xalaqit bersa, u o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishi va neft obyektlarini nishonga olishi haqida ogohlantirdi.
· Strategik ta’sir vositasi: Tahlilchilarning fikricha, ushbu bombardimon AQSHning Eronni bo‘g‘ozdagi kemalarga hujum qilish imkoniyatidan mahrum eta olishini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, neft infratuzilmasiga zarba berish imkoniyati zaxirada saqlab turilibdi. Bunday qadam Eron neft xom ashyosi eksportini butunlay to‘xtatib qo‘yishi va global energetika inqirozini yanada kuchaytirishi mumkin.
Isroildagi vaziyat
· 7 600 ta nishon: Isroil harbiylari AQSH bilan 28-fevralda boshlangan qo‘shma hujumdan buyon Eron bo‘ylab qariyb 7 600 ta, Livanga esa 1 100 ta zarba berilganini ma’lum qildi.
· Isroilga hujum: Erondan raketalar uchirilgani haqidagi ogohlantirishdan so‘ng Tel-Aviv yaqinida portlash ovozlari eshitildi. AFP agentligi muxbiri shaharning ikki nuqtasidan quyuq tutun ko‘tarilayotganini xabar qildi.
Livandagi vaziyat
· Qurbonlar soni ortmoqda: Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2-martdan beri Isroil hujumlari oqibatida kamida 773 kishi halok bo‘lgan.
· Tibbiyot xodimlariga hujum: Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Borj-Qalauiyadagi tibbiyot markaziga berilgan zarbani keskin qoraladi. Ushbu hujum oqibatida 12 nafar tibbiyot xodimi, jumladan, shifokorlar va hamshiralar hayotdan ko‘z yumgan.
· BMT bazasiga zarba: Livan janubidagi Meys al-Jabal shaharchasida Isroil snaryadlari BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari (UNIFIL) tarkibida xizmat qilayotgan Nepal tinchlikparvar bataloni qarorgohiga kelib tushdi.
«Hizbulloh» pozitsiyasi: «Hizbulloh» yetakchisi Naim Qosim o‘z guruhi Isroil bilan «uzoq davom etuvchi to‘qnashuv»ga tayyorligini bildirdi. U mazkur nizoni Isroilning 15 oydan buyon e’tiborsiz qoldirilayotgan tajovuzlariga nisbatan qonuniy mudofaa deb atadi.
Iroqdagi vaziyat
· AQSH elchixonasi nishonda: Iroq tomoni Bog‘doddagi AQSH elchixonasining vertolyot qo‘nish maydonchasiga raketa tushganini ma’lum qildi. «Al-Jazeera»ga ko‘ra, hujum natijasida elchixonaning havo mudofaa tizimi ishdan chiqqan. Majmua hududidan tutun ko‘tarilgan. Bog‘dodning «yashil hududi»da joylashgan ulkan elchixona majmuasi tez-tez Eronga xayrixoh guruhlarning raketa va dron hujumlariga nishon bo‘lmoqda.
· Iroq bosh vaziri va Makron o‘rtasidagi muloqot: Iroq bosh vaziri Muhammad Shia as-Sudaniy Kurdiston mintaqasida fransiyalik askarning dron hujumida halok bo‘lganidan so‘ng, bunday hujumlarga chek qo‘yishga va’da berdi.
· Turkiyadan ogohlantirish: Turkiya AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi Iroqqa ham ta’sir qilayotgani sababli o‘z fuqarolariga ushbu mamlakatga zaruratsiz safar qilmaslikni tavsiya etdi.
Iqtisodiy oqibatlar
Global iqtisodiyot: Mazkur urush dunyoda energetika inqirozi va neft narxining keskin oshishiga sabab bo‘ldi. Bunga javoban Kanada Xalqaro energetika agentligining (IEA) favqulodda choralar doirasida 23,6 million barrel neftni bozorga chiqarishini e’lon qildi.
Aviatsiya sohasi: Hindistonning «Air India» va «IndiGo» kabi yirik aviakompaniyalari geosiyosiy beqarorlik fonida aviayoqilg‘i narxi oshgani sababli chipta narxlarini sezilarli darajada ko‘tardi.
Diplomatik o‘zgarishlar: Tahlilchilarning ta’kidlashicha, AQSH mintaqada katta harbiy kuchga ega bo‘lishiga qaramay, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini nazorat qilish masalasida diplomatik ta’sirini yo‘qotmoqda. Hindiston, Fransiya va Italiya kabi davlatlar kemalarining xavfsiz o‘tishini ta’minlash uchun Vashingtonni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eron bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu esa inqirozni boshqarish tizgini kimning qo‘liga o‘tayotganidan dalolat beradi.





