add

AQSH Isroildan jurnalistlarni G‘azoga kiritishni talab qilmoqda — OAV

Bugun 14:551302

Vashington G‘azodagi otashkesimdan so‘ng xalqaro jurnalistlar uchun kirish ruxsatini so‘rayotgani xabar qilindi. Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati HAMAS a’zolariga tunellardan xavfsiz chiqish yo‘lini ham muhokama qilmoqda.

AQSH Isroildan jurnalistlarni G‘azoga kiritishni talab qilmoqda — OAV

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroildan G‘azo sektoriga chet ellik jurnalistlarni kiritishga ruxsat berishni talab qilmoqda. Bu haqda Isroil nashrlari Amerika rasmiylariga tayanib xabar berdi.

Nashr manbalarining ma’lumotiga ko‘ra, Vashington bu masalani yil boshidan beri ko‘tarib kelmoqda. Tramp avgust oyida chiqish qilib, xorijiy jurnalistlarning sektorda ishlash imkoniga ega bo‘lishini xohlashini aytgan, biroq vaziyatning hali ham xavfli ekanini tan olgan edi.

Hozir G‘azoning sharqiy qismi Isroil qo‘shinlari tomonidan nazorat qilinayotgan bir paytda, Oq uy jurnalistlar uchun yerda ishlash imkonini yaratish zarurligini yana ta’kidlamoqda.

Isroil Oliy sudi avvalroq xorijiy ommaviy axborot vositalari uyushmasi taqdim etgan petitsiya asosida hukumatni 30 kun ichida o‘z pozitsiyasini yangilashga majbur qilgan. Sud qarorda, otashkesim kuchga kirganidan keyin vaziyat o‘zgargani va ilgarigi xavf darajasi haqidagi dalillar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligini qayd etgan.

Shu bilan birga, Isroilning 12-kanali xabariga ko‘ra, AQSH Isroilga bosim o‘tkazib, tunellarda bo‘lgan taxminan 200 nafar HAMAS a’zosiga xavfsiz chiqish yo‘lini berishni ham talab qilmoqda. Ushbu variant Tramp ma’muriyatining 20 bandini o‘z ichiga olgan rejasi doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Reja tinchlik jarayonining keyingi bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.

Otashkesim davrida ham falastinliklar orasida qurbonlar soni oshib bormoqda. Hozircha 238 kishi halok bo‘lgani, 600 kishi yaralangani xabar qilingan. Shuningdek, qutqaruvchilar avvalgi aviahujumlardan so‘ng vayrona ostidan 510 ta jasadni topgan.

Teglar

Mavzuga oid

AQSH Isroildan jurnalistlarni G‘azoga kiritishni talab qilmoqda — OAV | Vaqt.uz