
AQSH Qozog‘iston tovarlariga 25 foizlik boj joriy etmoqda
08.07.2025 | 10:2026503
Vashington 1 avgustdan boshlab Qozog‘istondan keladigan barcha tovarlarga qo‘shimcha boj qo‘llaydi.

AQSH prezidenti Donald Tramp 1 avgustdan boshlab Qozog‘istondan keladigan barcha tovarlarga 25 foizlik boj joriy etilishini ma’lum qildi. Bu qaror Tramp tomonidan Truth Social’da e’lon qilingan maktubda bayon etilgan.
Ushbu maktubda Tramp Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan olib borilgan muzokaralar haqida to‘xtalib, ikki davlat o‘rtasidagi savdo muvozanatsizligi tufayli bunday chora ko‘rilganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston tomonining tarif va notarif to‘siqlari AQSH uchun iqtisodiy nochorlikka olib kelgan.
Maktubga ko‘ra, 2025 yil 1 avgustdan boshlab Qozog‘istondan AQSHga eksport qilinadigan barcha mahsulotlarga qo‘shimcha 25 foizlik boj qo‘llanadi. Bu boj barcha sohalarni qamrab oladi, qayta eksport qilinadigan tovarlar ham shu tarifga tushadi.
Tramp Qozog‘iston kompaniyalariga murojaat qilib, agar ular o‘z mahsulotlarini AQSH hududida ishlab chiqarishni boshlasalar, ularga nisbatan hech qanday tarif qo‘llanmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, litsenziya va ruxsatnomalarni olish jarayoni bir necha hafta ichida soddalashtirilishi va tezlashtirilishi aytiladi.
Shu kabi xatlar Malayziya, Laos, Janubiy Afrika, Myanma, Yaponiya va Janubiy Koreya rahbarlariga ham yuborilgan. Mazkur mamlakatlarga nisbatan ham 25 foizdan 40 foizgacha boj stavkalari belgilanmoqda.





