add

AQSH Rossiyaga yetib boruvchi «Minuteman III» raketa sinovini o‘tkazdi

22.05.2025 | 10:2047314

AQSH 21 may kuni «Minuteman III» turkumiga mansub qit’alar orasidagi ballistik raketa sinovini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Raketa Rossiyaga yetib borish imkoniyatiga ega ekani ta’kidlandi.

AQSH Rossiyaga yetib boruvchi «Minuteman III» raketa sinovini o‘tkazdi
AQSHning Kaliforniya shtatida joylashgan Vandenberg aviabazasida 21 may kuni «Minuteman III» qit’alararo ballistik raketa sinovdan o‘tkazildi. Mazkur sinov AQSHning yadroviy to‘xtatuvchi salohiyati XXI asr tahdidlariga qarshi samarali ekanini namoyon etish, shuningdek ittifoqchilarga ishonch uyg‘otish maqsadida amalga oshirilgan, deb yozadi Deutsche Welle. AQSH Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, raketa Mark-21 High Fidelity De-Entry turidagi yakka harbiy kallak bilan jihozlangan. U Tinch okeani markazidagi maxsus sinov hududigacha taxminan 6700 kilometr masofani bosib o‘tgan. «Minuteman III» — bu 1970 yildan beri AQSH armiyasida xizmat qilib kelayotgan qit’alararo ballistik raketadir. Uning og‘irligi taxminan 36 tonna, maksimal parvoz masofasi 9500 km,  tezligi soatiga 24 ming km/h. U AQSH yadroviy kuchlarida shaxta asosida joylashtirilgan yagona raketadir. Hozirgi paytda AQSHda har biri uchtagacha yadroviy kallak tashiy oladigan 400 ta «Minuteman III» raketasi mavjud. Ushbu raketalar hozir ham mamlakatning strategik tiyuvchi kuchlarini tashkil qiluvchi asosiy element hisoblanadi. Qayd etish joizki, ushbu raketa sinovi Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning G‘arb mamlakatlarini «uchinchi jahon urushi» tahdidi bilan ogohlantirgan bayonotidan bir kun o‘tib amalga oshirildi. Medvedev 20 may kuni Peterburgdagi forumda qilgan chiqishida G‘arb davlatlarining Moskvaga nisbatan olib borayotgan siyosatini butun dunyo uchun xavfli deb baholagan. U Ukrainadagi vaziyat yuzasidan G‘arb davlatlarini tanqid qilar ekan, ushbu hududdagi har qanday tinchlikparvar kuchlar Rossiya armiyasi uchun «qonuniy harbiy nishon» sifatida qabul qilinishi mumkinligini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid