
AQSH Senatida Rossiyaga qarshi uchinchi sanksiya qonuni ishlab chiqildi
20.09.2025 | 13:002533
Amerika Senatida Kremlni Ukraina bo‘yicha jiddiy muzokaralarga majburlash maqsadida Rossiyaga qarshi uchinchi sanksiyaviy qonun loyihasi tayyorlandi.

Financial Times nashrining yozishicha (https://www.ft.com/content/87f1309f-ca19-4c9f-9306-aa89c24f8aac), yangi tashabbus mualliflari — Senat tashqi munosabatlar qo‘mitasi raisi, respublikachi senator Jim Rish va demokrat Jin Shahin. Ushbu qonun Rossiyaga nisbatan uch bosqichli sanksiya zarbasini nazarda tutadi.
Birinchidan, Rossiya neftini eksport qilishda foydalanilayotgan «xufiyona flot»ga chek qo‘yiladi. Ikkinchidan, suyultirilgan gaz loyihalariga qarshi sanksiyalar qo‘llaniladi. Uchinchi bosqich esa Rossiya mudofaa sanoatini qamrab oladi.
Rishning ta’kidlashicha, garchi Moskva sanksiyalarga chap berishga urinayotgan bo‘lsa-da, AQSH buni to‘xtatish niyatida. «Bu kemalar va ular orqali amalga oshirilayotgan neft savdosi Amerika va Yevropaning xavfsizligiga bevosita tahdid solmoqda», — dedi u.
Loyiha ikki partiya — ham respublikachilar, ham demokratlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning orasida Donald Trampga yaqin senatorlar Lindsi Grehem va Tom Kotton ham bor.
Bundan oldin, bir guruh senatorlar Rossiyani «terrorizmni qo‘llovchi davlat» deb e’tirof etishga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etgandi. Unga sabab sifatida Moskva tomonidan 19 ming ukrain bolasining noqonuniy olib ketilishi ko‘rsatilgan.





