add

AQSH talabalar vizasi uchun intervyularni to‘xtatdi

28.05.2025 | 13:1543994

AQSHda o‘qishni rejalashtirgan xorijlik talabalar uchun viza intervyulari vaqtincha to‘xtatildi. Tramp ma’muriyati talabalarning ijtimoiy tarmoqlarini ham tekshirmoqchi.

AQSH talabalar vizasi uchun intervyularni to‘xtatdi
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati chet ellik talabalar uchun viza intervyularini vaqtincha to‘xtatdi. Politico nashri xabar qilishicha, bu qaror davlat kotibi Marko Rubio imzolagan Davlat departamenti xati asosida barcha elchixonalar va konsulliklarga yuborilgan. Unga ko‘ra, yangi ko‘rsatmalar berilmagunicha F, M va J turdagi vizalar uchun yangi suhbat muddatlari tayinlanmaydi. Mazkur cheklov viza arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtirishi mumkin. Bu, ayniqsa, xorijiy talabalarga moliyaviy jihatdan tayanuvchi Amerika universitetlari uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chet ellik talabalar ko‘pgina oliy ta’lim muassasalari uchun daromadning muhim manbasi sanaladi. Tahlillarga ko‘ra, ushbu qaror ijtimoiy tarmoqlar orqali talabalarning faoliyatini chuqurroq o‘rganishga tayyorgarlikning bir qismi hisoblanadi. Ilgari bunday tekshiruvlar cheklangan miqyosda o‘tkazilgan bo‘lsa, endilikda barcha arizachilar qamrab olinishi mumkin. Tramp ma’muriyati, xususan, Isroilga qarshi namoyishlarda qatnashgan talabalarga e’tibor qaratib kelayotgan edi. Yangi cheklovlar AQSH universitetlariga nisbatan siyosiy bosimlar fonida amalga oshirilmoqda. Tramp qaytib kelganidan so‘ng, universitetlarda antisemitizmga qarshi kurash haqidagi farmonni imzoladi va Harvard kabi oliy o‘quv yurtlariga xorijlik talabalar to‘g‘risida ma’lumot taqdim etishni talab qildi. Universitetlar bunga qarshi chiqqach, davlat moliyaviy jazo choralarini qo‘lladi, jumladan, milliardlab dollar mablag‘larni muzlatdi. So‘nggi chora-tadbirlar 7 mingdan ortiq xalqaro talabaning taqdiriga tahdid solmoqda. Harvard bu qarorni sudga berib, vaqtincha to‘xtatishga erishdi. U o‘z mustaqilligini himoya qilmoqda va ma’muriyatni ilm va ta’lim tizimini zaiflatishda ayblamoqda. Shu bilan birga, mart oyida Tramp AQSH Ta’lim vazirligini tugatish haqidagi farmonni ham imzoladi. Unga ko‘ra, bu idora «ahamiyatsiz»  deb topilgan va prezident uni imkon qadar tez yopish niyatida ekanligini aytgan.

Teglar

Mavzuga oid