AQSH to‘rt kunda 2 mlrd dollarlik texnikasini yo‘qotdi
Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlanganidan keyin qisqa vaqt ichida AQSH bir necha mamlakatlarda joylashgan muhim harbiy obyektlari va texnikalariga katta zarar ko‘rgani aytilmoqda.

AQSH Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlaganidan buyon to‘rt kun ichida qariyb 2 milliard dollarlik harbiy texnikasidan ayrildi. Bu haqda «Anadolu» axborot agentligi turli manbalarga tayanib xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, umumiy hisobda AQSHning zarari 1,902 milliard dollarga yetgan. Yo‘qotishlar asosan Yaqin Sharqdagi bir nechta harbiy baza va infratuzilmalar bilan bog‘liq holda qayd etilgan.
AQSH yo‘qotgan harbiy texnikalar
Xabarda aytilishicha, Kuvayt hududida Amerika Qo‘shma Shtatlari uchta F-15E qiruvchi samolyotini yo‘qotgan. Ularning umumiy qiymati taxminan 282 million dollar deb baholanmoqda. Pentagon bu samolyotlar tasodifiy ravishda Kuvayt tomonidan urib tushirilganini ma’lum qilgan.
Yana bir yirik zarar Birlashgan Arab Amirliklaridagi THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimiga berilgan zarba bilan bog‘liq. Eron qurolli kuchlarining hujumi oqibatida mazkur tizimga taxminan 500 million dollarlik zarar yetgani bildirilmoqda.
Eng katta yo‘qotishlardan biri esa Qatarda joylashgan AQSH harbiy bazasida qayd etilgan. Bu yerda qiymati 1,1 milliard dollarga baholanadigan radiolokatsiya tizimi yo‘q qilingani aytilmoqda. Ma’lum qilinishicha, mazkur tizim harbiy to‘qnashuvning birinchi kunidayoq ishdan chiqqan.
Shuningdek, Eron AQSH harbiy-dengiz kuchlarining Bahrayndagi Beshinchi floti ta’minot markaziga ham zarba bergani xabar qilindi. Ushbu hujum natijasida narxi taxminan 20 million dollar bo‘lgan ikki sun’iy yo‘ldosh aloqa terminali hamda bir nechta infratuzilma obyektlari yo‘q qilingani qayd etilmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, mintaqa bo‘ylab harbiy vaziyat keskinligicha qolmoqda. Tahlilchilar bu kabi yo‘qotishlar mojaro chuqurlashishi va harbiy xarajatlar yanada ortishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.





