
AQSH Ukrainadagi havo hujumidan himoya tizimlarini Yaqin Sharqqa ko‘chirib o‘tkazdi
15.06.2025 | 18:0030124
AQSH Ukrainada joylashtirilgan havodan himoya tizimlarining bir qismini Yaqin Sharqqa ko‘chirdi. Pentagon rahbari bu qarorni Amerika harbiylarini himoya qilish zarurati bilan izohladi.

AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset Ukrainadagi bir qancha havodan himoya tizimlari va dronlarga qarshi qurollarni Yaqin Sharqqa ko‘chirishga qaror qilinganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam mintaqadagi Amerika harbiylari xavfsizligini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan. Hegset Fox News telekanaliga bergan intervyusida: «Menda Kongressda to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rashdi — rostdan ham Ukrainadan dronlarga qarshi tizimlarni olib ketdingizmi? Men: «Ha, shunday qildik», deb javob berdim», — dedi.
Vazirning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda hatto kichik dronlar ham jiddiy xavf solishi mumkin. Shu sabab, AQSH harbiylari butun dunyodagi kuchlarini qayta taqsimlamoqda.
8 iyun kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSH avval Kiyevga va’da qilgan 20 mingta dronlarga qarshi raketa Yaqin Sharqqa yuborilganini bildirgandi. Bu tasdiqlangan ma’lumotga aylanganidan so‘ng, ukrain jamoatchiligida Vashingtonga nisbatan norozilik kuchaydi.
Shuningdek, The Wall Street Journal nashri 5 iyun kuni yozganidek, Pit Hegsetning shaxsan ko‘rsatmasiga asosan, Ukrainaga yuborilishi kerak bo‘lgan maxsus raketa portlatkichlari ham Yaqin Sharqdagi Amerika manfaatlari yo‘lida yo‘naltirilgan. Bu qaror Senat qurollanish ishlari bo‘yicha qo‘mitasiga yopiq tarzda yuborilgan hujjat orqali ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, Axios manbasi 13 iyun kuni AQSH harbiylari Isroilga Eronning raketalarini yo‘q qilishda yordam berayotganini yozdi. Ertaga esa Eronning Fars axborot agentligi Amerika harbiy bazalariga zarba berish ehtimoli haqida ogohlantirdi.
Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlagan. Bosh vazir Binyamin Netanyahu bu harakat Tehronni yadro quroli yaratishdan to‘xtatishga qaratilganini aytgan. Javob tariqasida Eron «Chinakam va’da-3» nomli operatsiyani boshlab, Isroilga raketalar va dronlar bilan zarba berdi.
Prezident Donald Tramp esa AQSHning ushbu amaliyotga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi.





