
AQSH Ukrainaga 330 mln dollarlik yangi qurol-yarog‘ yordamini ma’qulladi
25.07.2025 | 10:0035553
AQSH Davlat departamenti Ukrainaga 330 mln dollar qiymatidagi ikki yangi harbiy yordam paketini tasdiqladi. Ular havo hujumidan himoya tizimini kuchaytirish va texnikalarni modernizatsiya qilishga qaratilgan.

AQSH Davlat departamenti Ukrainaga ikki qismdan iborat bo‘lgan 330 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketini tasdiqladi. Bu haqda Pentagon rasman ma’lum qildi. Mazkur yordam Ukraina qurolli kuchlarining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va amerikalik qurol-aslahalardan samarali foydalanish imkoniyatini oshirishni ko‘zlaydi.
Birinchi paket qiymati 180 mln dollarni tashkil etib, Ukraina Havo hujumidan himoya (HHH) tizimini quvvatlashga yo‘naltirilgan. Uning tarkibida ehtiyot qismlar, iste’mol materiallari, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar, shuningdek, amerikalik mutaxassislar tomonidan o‘qitish ishlari ham bor.
Ikkinchi 150 mln dollarlik paket esa Ukrainadagi M109 o‘zi harakatlanuvchi haubitsalarni modernizatsiya qilishga qaratilgan. U kapital ta’mir, texnik yordam, o‘quv dasturlari va logistika xizmatlarini o‘z ichiga oladi. Ukraina mazkur yordamni mazkur artilleriya tizimlarini jangda tayyor holda ushlab turish uchun so‘ragan.
Pentagon bu qaror AQSH milliy manfaatlariga mos kelishi va Rossiyaning hali ham davom etayotgan tajovuzi sharoitida Ukraina mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
23 iyul kuni ham AQSH hukumati Ukraina uchun taxminan 322 mln dollarlik yordamni ma’qullagan edi. O‘shandagi yordam tarkibiga HAWK Phase III zenit tizimlari, sun’iy yo‘ldosh uskunalari, piyoda qo‘shinlar uchun Bradley texnikasi va ularning ta’mir-ekspluatatsiya xizmati kiritilgan.





