
AQSH Venesuela yaqinida yana bir neft tankerini ushladi
Tramp farmonidan so‘ng AQSH harbiylari Karib dengizida neft tashuvchi kemalarga bosimni kuchaytirmoqda.

AQSH harbiylari Venesuela sohillari yaqinida navbatdagi neft tankerini qo‘lga oldi. Hodisa AQSH prezidenti Donald Trampning Venesuelaga kirib-chiqayotgan, Amerika sanksiyalari ostida bo‘lgan barcha neft tankerlarini to‘liq blokirovka qilish to‘g‘risidagi buyrug‘idan bir necha kun o‘tib ro‘y berdi.
Venesuela hukumati mazkur harakatni xalqaro huquqni buzish va ochiqdan-ochiq o‘g‘irlik sifatida baholadi. Karakas rasmiylari AQSHning bu qadamlari jazosiz qolmasligini ta’kidlab, zarur choralar ko‘rilishini, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashiga murojaat qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bu ikki hafta ichida neft tankerining qo‘lga olinishi bilan bog‘liq ikkinchi holat hisoblanadi. E’tiborli jihati shundaki, bu safar to‘xtatilgan Centuries kemasi AQSH sanksiyalari ostida bo‘lmagan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, tanker Panama bayrog‘i ostida harakatlangan va Osiyo tomon yo‘l olgan bo‘lgan.
So‘nggi haftalarda AQSH Venesuela qirg‘oqlarida harbiy kuchlarini oshirmoqda. Vashington bu harakatlarni narkotrafikka qarshi kurash bilan izohlamoqda. Biroq Karakasda buni mamlakat tabiiy resurslari, ayniqsa neft ustidan nazorat o‘rnatish va hukumatni almashtirishga qaratilgan bosim sifatida qabul qilishmoqda.
Ma’lum qilinishicha, sentabr oyidan beri AQSH Karib dengizida giyohvand moddalar savdosida gumon qilingan 20 dan ortiq kemani to‘xtatgan. Ushbu operatsiyalar davomida kamida 87 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.
Ma’lumot uchun, 10-dekabr kuni esa AQSH harbiylari Eron bilan aloqalari uchun sanksiyalarga uchragan Skipper nomli yirik neft tankerini ham qo‘lga olgan edi. 20-dekabr kungi so‘nggi operatsiya AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati tomonidan harbiylar ko‘magida, xalqaro suvlarda amalga oshirilgan.





