
AQSH Venesuelada Maduroni ag‘darish amaliyotini tayyorlayotgan bo‘lishi mumkin — Axios
30.08.2025 | 09:3045635
Vashington «narkooperatsiya» niqobi ostida rejimni almashtirish va neft manbalarini nazoratga olish rejalarini ko‘rib chiqmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni ag‘darish uchun narkotrafikka qarshi amaliyotdan niqob sifatida foydalanishi mumkin. Bu haqda Axios nashri Amerika ma’muriyatidagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Venesuela qirg‘oqlari sari 4500 nafar harbiy bilan 7 ta harbiy kema yuborilgan. Ular orasida 3 ta raketa boshqaruviga ega eskadron mina tashuvchi kema va kamida bitta suv osti kemasi ham bor. Guruhning 2200 nafarini dengiz piyodalari tashkil etib, bu narkotrafik amaliyotlari uchun noodatiy ko‘rsatkich hisoblanadi.
Tramp ma’muriyatidagi manbalar operatsiya haqiqatan ham narkoterrorizmga qarshi yo‘naltirilganini ta’kidlamoqda. Ammo ulardan biri shunday deydi: «Agar Maduro hokimiyatdan ketsa, hech kim yig‘lamaydi». AQSH rasmiylari uni «qochqin narkoboshliq» deb ataydi.
Hukumat manbalari bundan avvalgi 1989 yildagi Panama operatsiyasi bilan parallel keltiradi. O‘shanda Amerika qo‘shinlari prezident Noryegani hibsga olgan edi. Manbaning ta’kidlashicha, Maduroni hokimiyatda qoldirish «Jeffri Epshteynni bolalar bog‘chasi mudiri qilib tayinlash bilan barobar».
Vashington Maduroni qo‘lga olishga yordam bergan shaxsga 50 mln dollar mukofot va’da qilgan. Axios yozishicha, AQSH Maduroning atrofidagi harbiylar uni o‘zlari ag‘darishga urinishi mumkinligini ham hisobga olmoqda.
Biroq hozircha to‘liq harbiy bosqin ehtimoli past baholanmoqda. Yaqin haftalarda Amerika dengiz kuchlari narkotik olib o‘tayotgan deb gumon qilingan kemalarni to‘xtatishni boshlashi kutilayapti. Ayrim kemalar yo‘q qilinishi mumkin.
Shuningdek, AQSH havo hujumlari haqida ham o‘ylayapti. Nishon sifatida koka plantatsiyalari, narkotik kartellari bazalari va Rossiya tomonidan yaqinda qurilgan o‘q-dorilar zavodi ko‘rsatilayapti. Ayrim maslahatchilar Maduroning o‘zi ham dron zarbasi bilan yo‘q qilinish ehtimolini rad etmayapti.
Maduro bu harakatlarni «harbiy terroristik hujumga tayyorgarlik», deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harakatlar «axloqsizlik, jinoyatkorona va noqonuniy»dir. Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro ham Maduroni qo‘llab-quvvatladi va «AQSH Venesuela neftini egallash niyatida», deya ta’rif berdi.





