add

AQSH Venesuelaga tegishli millionlab dollarlik neftni musodara qiladi

Kecha 08:182192 daqiqa

AQSH Venesuela qirg‘oqlarida to‘xtatilgan Skipper tankeridagi 60–100 mln dollar orasida baholanayotgan neftni musodara qilishini bildirdi. Kema AQSH portiga yo‘naltirildi.

AQSH Venesuelaga tegishli millionlab dollarlik neftni musodara qiladi

AQSH Venesuelaga tegishli navbatdagi yirik neft yukini ham nazoratiga oladi. Oq uy axborot kotibi Karolayn Levittning ma’lum qilishicha, Venesuela qirg‘oqlarida to‘xtatilgan Skipper nomli tanker AQSH portiga yo‘naltirilgan va undagi neft «qonun doirasida to‘liq musodara qilinishi» rejalashtirilgan. Neftning bozor qiymati taxminan 60–100 mln dollarni tashkil etadi.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Skipper tankeri dekabr boshida 1,8 mln barrel neft yuklagan va to‘xtatilishidan oldin 200 ming barrelni boshqa kemalarga o‘tkazgan. AQSH Adliya vazirligi tanker Venesuela va Eron neftini sanksiyalarni buzgan holda tashishda ayblanayotganini ma’lum qildi.

Vashington Venesuelaga nisbatan bosimni kuchaytirmoqda. Tramp ma’muriyati sentabrdan beri mamlakat qirg‘oqlari yaqinida maxsus harbiy operatsiyalar o‘tkazmoqda. Oq uyga ko‘ra, maqsad — «nyotqildirilgan neft savdosi va narkotrafik»ni cheklash. Operatsiyalar jarayonida 87 nafar kishi halok bo‘lgani rasman tasdiqlangan.

Levittning ta’kidlashicha, AQSH «o‘z orqa hovlisidagi xavfsizlikka jiddiy e’tibor qaratmoqda» va sanksiya qo‘llangan rejimlar qora bozor neft sotib, moliya to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lmasligi kerak. Unga ko‘ra, tankerni musodara qilish jarayoni sud qarorlari va maxsus tartib asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, Vashington Venesuela prezidenti Nikolas Maduro atrofidagi shaxslarga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi: Maduroning rafiqasi Siliya Floresning uch jiyani, bir tadbirkor va mamlakat neft sohasidagi 6 ta tashuvchi kompaniya ro‘yxatga kiritildi. AQSH G‘aznachiligi ularni «aldamchi sxemalar» va «noqonuniy neft aylanmasi»da ayblamoqda.

Teglar

Mavzuga oid