
AQSH vitse-prezidenti yadroviy sinovlar sababini izohladi
Jey Di Vensga ko‘ra, yadroviy arsenalni tekshirish AQSH milliy xavfsizligining muhim qismi hisoblanadi.

AQSH yadroviy qurollarining ishlashiga ishonch hosil qilish uchun davriy ravishda sinovlar o‘tkazishi zarur. Bu haqda vitse-prezident Jey Di Vens Reuters agentligiga bildirgan.
«Amerika milliy xavfsizligining muhim qismi — yadroviy arsenalimiz haqiqatan ham to‘g‘ri ishlayotganini ta’minlashdir», — degan Vens.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hozirda qurollar sog‘lom holatda ekanini biladi, ammo ularni muntazam nazorat qilish zarur.
Prezident Donald Tramp 30 oktyabr kuni Pentagonga yadroviy qurol sinovlarini tayyorlashni buyurdi. Reuters agentligining yozishicha, bu 33 yillik tanaffusdan keyingi ilk yadroviy mashqlar bo‘lishi mumkin. Tramp qaysi turdagi sinovlar haqida gap ketganini aniqlashtirmadi.
Tramp o‘z qarorini boshqa davlatlar yadroviy qurol sinayotgani bilan izohladi. 28 oktyabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin yadroviy kallakkag ega «Poseydon» suvosti apparati va chegarasiz masofaga uchish qobiliyatiga ega «Burevestnik» qanotli raketa sinovlari yakunlanganini ma’lum qilgan edi.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning bayonotiga javoban «Burevestnik» sinovi «yadroviy sinov» hisoblanmasligini aytdi va hozirda bu yo‘nalishda moratoriy amal qilayotganini eslatdi. «Agar kimdir moratoriydan chekinsa, Rossiya vaziyatga mos ravishda harakat qiladi», — degan Peskov.
AQSH prezidenti esa Moskva va Vashington «kimo‘zarga o‘yin o‘tkazmayotgani»ni ta’kidlab, «dunyodagi eng kuchli atom suvosti kemasi» Rossiya sohillariga yaqin joylashganini qo‘shimcha qildi.
BMTning Qurolsizlanish tadqiqotlari instituti (Jeneva) ilmiy xodimi Pavel Podvig RBKga bergan izohida Trampni yadroviy sinovlarga undagan omillardan biri — Xitoyning yadroviy arsenalni kengaytirishi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. «Trampda Amerika o‘z qudratini to‘liq namoyon etmayotgani hissi paydo bo‘lgandek», — degan ekspert.





