
AQSH Yaqin Sharqdagi beshta harbiy bazasini jangovar shaylik holatiga o‘tkazdi
24.06.2025 | 09:2021213
Eronning Qatardagi AQSH bazasiga qilgan raketali hujumi ortidan Vashington Yaqin Sharqdagi beshta asosiy harbiy ob’ektini oshirilgan shaylik holatiga o‘tkazdi. Bu chora AQSH harbiylari xavfsizligini ta’minlash hamda ehtimoliy yangi hujumlarga tayyor turish maqsadida ko‘rilmoqda.

Reuters agentligi manbalarga tayanib xabar berishicha, Suriyaning Hasaka viloyatida joylashgan Kasrak bazasi to‘liq jangovar tayyorgarlik holatiga keltirilgan. Shuningdek, Iroqdagi Ayn-ul-Asad bazasida ham maksimal xavf darajasi joriy etilgan. Ushbu baza AQSHning mintaqadagi eng yirik ob’ektlaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, Qatardagi Al Udayd, Bahrayn va Kuvaytdagi Amerika harbiy ob’ektlari ham xavf signalini qabul qilgan. IRIB News agentligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur qaror 23 iyun kuni Eron tomonidan qilingan raketali hujum ortidan qabul qilingan.
Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, Iroq, BAA, Bahrayn va Kuvayt vaqtinchalik o‘z havo fazolarini yopishgan. Bu choralar mintaqadagi xavf darajasi oshgani va xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan bog‘liqdir.
Axios agentligi xabariga ko‘ra, Eron Qatardagi Al-Udayd bazasiga 6 ta, Iroqdagi Ayn-ul-Asad bazasiga esa 1 ta raketa yo‘llagan. Bu hujum AQSHning Eron yadroviy infratuzilmasiga bergan zarbalariga javob sifatida baholanmoqda.
The New York Times manbalari ta’kidlashicha, Eron bu hujumdan oldin Qatar hukumatini ogohlantirgan va ular bilan harakatlarni muvofiqlashtirgan. Bundan ko‘rinadiki, Tehronning maqsadi holatni to‘liq urushga aylantirmasdan, ramziy javob berish bo‘lgan.





