
AQSH Zangezur yo‘lagini 100 yilga ijaraga olish taklifini bildirdi
15.07.2025 | 08:4026334
AQSH rasmiylari Boku va Yerevan o‘rtasidagi sulx muzokaralarni tezlashtirish maqsadida Eron chegarasidagi Zangezur yo‘lagini boshqarishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda AQSHning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tomas Barrak Nyu Yorkdagi brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH 32 kilometrli yo‘lakni 100 yillik muddatga ijaraga olish orqali muammoli hududda neytral boshqaruvni yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqda. Barrak bu taklifni shunday ifoda etdi: «Bizni boshqaruvchi qiling, yo‘ldan hamma foydalansin».
Zangezur yo‘lagi — Ozarboyjonning asosiy hududini Naxichivon orqali Turkiya bilan bog‘lashni ko‘zda tutuvchi loyiha. Yo‘lak Armanistonning Syunik viloyatidan o‘tishi kerak. Armaniston bunga qarshi chiqmoqda, ammo suverenitetini saqlangan holda yo‘l ochishga tayyor ekanini bildirgan.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Zangezur yo‘lagini geosiyosiy va geoiqtisodiy inqilob deb atagan. Unga ko‘ra, bu loyiha nafaqat Turkiya va Ozarboyjon, balki butun mintaqa uchun strategik ahamiyatga ega.
Middle East Eye nashrining yozishicha, bu AQSHning Zangezur yo‘lagi bo‘yicha birinchi rasmiy taklifi hisoblanadi. Vashington yo‘lni boshqarish uchun xususiy amerikalik kompaniyani neytral kafil sifatida tavsiya qilgan.
Manbalarning aytishicha, bunday tashabbus ilk bor Turkiya tomonidan bildirilgan. Rejaga ko‘ra, Armaniston orqali Turkiyani Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi yangi logistika yo‘nalishi shakllanishi mumkin.
Ozarboyjon rasmiylari sulh kelishuvi imzolanishi uchun avval (YeXHT doirasida tuzilgan) Minsk guruhi tarqatilishini va Armaniston konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritilishini talab qilmoqda. Ayni paytda, Armaniston konstitutsiyasida 1990 yildagi Mustaqillik deklaratsiyasiga tayangan holda Qorabog‘ni Armaniston hududi sifatida e’tirof etuvchi normalar mavjud.
10 iyul kuni Abu Dabida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev uchrashib, tinchlik muzokaralarini davom ettirishga kelishib olgani ma’lum qilindi. Ammo kelishuvni imzolash sanasi rasman e’lon qilingan emas.
Shu bilan birga, ikki davlat 2024 yil oxiriga qadar tinchlik bitimi imzolanishiga umid qilmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, bu kelishuv Yaqin Sharqdagi aralashuvlar va tashqi bosimlardan mustaqil ravishda amalga oshirilishi kutilmoqda.





