
AQSHda yangicha test: MRT sinovi orqali 40 yoshdagi insonning qancha umr ko‘ra olishini taxmin qilish mumkin
27.07.2025 | 20:008523
Amerikalik olimlar inson miyasi MRT tasvirlari orqali uning organizmining tez qarishini baholab, qancha umr ko‘rishi mumkinligini oldindan aniqlash imkonini beradigan usulni ishlab chiqdi. Bu yangilik surunkali kasalliklarning oldini olishda yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.

Dyuk universiteti tadqiqotchilari ishlab chiqqan «DunedinPACE-N» deb nomlangan test 40 yoshda o‘tkaziladigan miya MRT orqali 300 dan ziyod parametrlarni tahlil qiladi — qavat qalinligi, gippokamp hajmi va miya qavariqlarining o‘lchami shular jumlasidan. Ushbu ma’lumotlar asosida inson organizmining biologik qarish tezligi baholanadi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, miyasi «yoshi kattaroq» ko‘ringan insonlar 40 foiz holatda ertaroq vafot etadi va 18 foiz ko‘proq kasalliklarga duchor bo‘ladi. Aksincha, «yoshroq» ko‘ringan miya egalari xotira va fikrlash testlarini yaxshi bajargan hamda qarish bilan bog‘liq kasalliklar kamroq qayd etilgan.
Tadqiqotning keyingi bosqichida 52 yoshdan 89 yoshgacha bo‘lgan 624 kishi tahlil qilindi. Ular orasida organizm qarishi tez kechgan insonlarda demensiyaga chalinish xavfi 60 foizga yuqori bo‘lgani aniqlandi.
Nature Aging jurnalida chop etilgan ushbu tadqiqot shunga dalil bo‘lmoqdaki, insonning «miya yoshi» har doim ham uning rasmiy yoshini aks ettirmaydi. Olimlar fikricha, muntazam MRT tashxisi orqali organizm qarishining erta belgilari aniqlanib, profilaktika ishlari samarali olib borilishi mumkin.





