
AQSHning birinchi xonimi Melaniya Tramp Ukrainaning maxfiy do‘stimi?
AQSH rahbari Donald Trampning ma’lum qilishicha, aynan rafiqasi uning Ukrainadagi urush haqidagi tasavvurini o‘zgartirgan va Putinga bo‘lgan munosabatini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilgan.

Ukrainaliklar Trampning harbiy yordam berish borasidagi kutilmagan bayonotidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Melaniya Trampga ommaviy ravishda minnatdorchilik bildirmoqda. Donald Tramp Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xatti-harakatlariga nisbatan munosabati aynan rafiqasi tufayli o‘zgarganini bayon qildi.
AQSH rahbari Rossiya va Ukraina mojarosi bo‘yicha pozitsiyasi neytral ekanligini, u tomonlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi. Uning o‘zi shunga o‘xshash savolga javoban Moskva va Kiyev o‘rtasidagi urushda «insoniyat tomonida» ekanini va qon to‘kilishiga imkon qadar tezroq chek qo‘yishni istashini ta’kidladi.
Melaniya Tramp Donald Trampning bayonotlariga hali hech qanday izoh bermagan. U odatda siyosiy qarashlarini ommaga oshkor qilmaydi. Independent nashrining yozishicha, shunga qaramay, u Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Oq uydagi muhim ittifoqchilaridan biri sifatida tilga olinadi.
«Begunoh odamlarning azob chekayotgani yurakni ezadi va dahshatga soladi. Ukraina xalqini o‘ylayman va ular uchun duo qilaman. Iltimos, imkoningiz bo‘lsa, ularga yordam berishga mablag‘ ajrating», deb yozdi Melaniya Tramp X dagi sahifasida.
Donald Tramp Melaniyaning Putinga nisbatan munosabati va uning fikrlariga qanday ta’sir qilgani haqida gapirganidan so‘ng, Ukraina ijtimoiy tarmoqlarida hazil-memlar ko‘paydi. Ko‘pchilik sobiq birinchi xonimni «agent Melaniya Trampenko» deb atay boshladi va uni Kiyevning Oq uy ichidagi yashirin ittifoqchisi sifatida tasvirladi. Eng mashhur memlardan biri — Ukraina ranglaridagi qat’iy bichimli pijak va keng soyabonli shlyapa kiygan Melaniya obrazidir, u unda xuddi maxfiy josus kabi ko‘rsatilgan.
Melaniya Tramp o‘zi kim?
Melaniya Tramp — AQSHning birinchi xonimi, Donald Trampning rafiqasi va jamoatchilikda sokin, ammo o‘ziga xos ta’sirga ega shaxs sifatida tanilgan. U 1970 yilda sobiq Yugoslaviya hududidagi Sloveniya davlatida tug‘ilgan. Asli ismi Melaniya Knavs bo‘lib, keyinchalik model sifatida xalqaro miqyosda faoliyat yuritgan. 1990 yillarda AQSHga ko‘chib o‘tgan va 2006 yilda AQSH fuqaroligini olgan. U 2005 yilda Donald Tramp bilan turmush qurgan va bu nikohdan Berron Tramp ismli o‘g‘li bor. Melaniya AQSH tarixida xorijda tug‘ilgan kam sonli birinchi xonimlardan biri sanaladi.
Melaniya Tramp siyosiy maydonda faol siyosatchi sifatida emas, balki o‘zining xotirjam, lekin sezilarli ta’siri bilan ajralib turadi. U ko‘p intervyular bermaydi, ommaviy siyosiy chiqishlardan qochadi, biroq Trampning pozitsiyalariga ta’sir o‘tkazadigan eng yaqin maslahatchilaridan biri sifatida tilga olinadi.
Yaqinda Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatdan so‘ng aynan Melaniyaning mulohazalari uning fikrini o‘zgartirganini tan oldi. Tramp aytishicha, u Putin bilan «yaxshi muloqot» o‘tkazganini aytganida, Melaniya unga «xuddi shu daqiqalarda Ukrainada yana bir shahar bombardimon qilindi», deb javob bergan.
Bu holat Melaniyaning siyosiy voqealarga befarq emasligini, balki Tramp qarorlariga axloqiy va hissiy ta’sir ko‘rsata olishini ko‘rsatadi.
Melaniyaning siyosiy ta’siri nimada?
Melaniyaning siyosiy ta’siri bevosita qonunchilik yoki tashabbus orqali emas, balki uning shaxsiy munosabatlari, xususan Trampga bo‘lgan yaqinligi orqali amalga oshadi. U rasmiy siyosiy lavozimda ishlamagan bo‘lsa-da, uning pozitsiyasi ayniqsa tashqi siyosatga oid masalalarda, xususan Yevropa bilan aloqalarda muhim bo‘lib kelgan.
U o‘zining yevropalik ildizlarini saqlab qolgan — o‘g‘li bilan sloven tilida gaplashadi, Yevropaga tez-tez borib turadi, Yevropa Ittifoqi pasportiga ega va aynan shu orqali G‘arb siyosiy muhitini ichidan tushunadi. Bu esa uni AQSHning ichki siyosiy muhitida Yevropa bilan ko‘prik vazifasini o‘taydigan noyob shaxslardan biriga aylantiradi.
Umuman olganda, Melaniya Tramp o‘zining kamgapligi, ammo siyosiy voqealarga bevosita ta’sir ko‘rsata olishi, xalqaro masalalardagi sezgirligi va Trampning eng yaqin maslahatdoshlaridan biri sifatida siyosatdagi o‘ziga xos kuchga ega. U sahna ortida, lekin muhim burilishlarda rol o‘ynaydigan «sokin kuch» sifatida zamonaviy AQSH siyosatida alohida o‘rin egallaydi.
Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





