add

Arab jamg‘armasi O‘zbekiston futbol klublarini sotib olmoqchi

05.01.2026 | 15:592 daqiqa

«No Limits Sport» jamg‘armasi Rossiya jamoalarini hamda Belarus va Qozog‘iston klublarini ham sotib olishga qiziqish bildirmoqda.

Arab jamg‘armasi O‘zbekiston futbol klublarini sotib olmoqchi

Arab kapitaliga ega «No Limits Sport» investitsiya jamg‘armasi O‘zbekistondagi futbol klublarini sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda jamg‘armaning Yevrosiyo bo‘limi rahbari Vadim Andreyev Rossiyaning TASS axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma nafaqat O‘zbekiston, balki Belarus, Gruziya va Qozog‘istondagi futbol klublarini ham investitsiya nuqtayi nazaridan tahlil qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Rossiya futbol bozori ham jamg‘arma e’tibor markazida qolmoqda. Ayni paytdagi rejaga asosan, yaqin kelajakda 10–12 ta klub chuqur tahlil qilinib, investorlar uchun eng istiqbolli aktivlar aniqlanadi.

«Biz aktivlar qiymatining o‘sishi va investitsiyadan olinadigan daromad nuqtai nazaridan eng maqbul variantlarni belgilash uchun batafsil hisobot tayyorlashni rejalashtiryapmiz», — dedi Andreyev. Ushbu hisobot asosida jamg‘armaning keyingi sarmoya yo‘nalishlari belgilanishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, jamg‘arma allaqachon Rossiya Birinchi ligasida ishtirok etayotgan «Rotor» futbol klubini sotib olishga qiziqish bildirgan. 5-yanvar holatiga ko‘ra, jamoa chempionat jadvalida yettinchi o‘rinni egallab turibdi. Klub joriy mavsumda 24 ta gol urgan va 17 ta gol o‘tkazib yuborgan. «Rotor» so‘nggi marta Rossiya Premer-ligasida 2020–2021 yillar mavsumida ishtirok etgan.

Shu bilan birga, arab investorlari Rossiyada yana ikki futbol klubini sotib olish masalasini ham ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan. Bu holat mintaqa futbol bozoriga xorijiy kapital qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, «No Limits Sport» jamg‘armasi MDH mamlakatlarida sport industriyasini moliyalashtirishga ixtisoslashgan investitsiya fondi hisoblanadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, jamg‘arma o‘z faoliyatini «Belhasa Sports» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid