Araqchiydan Trampga javob: «U mojaro kengayishini istayotgan bo‘lsa, aynan shuni oladi»

08.03.2026 | 09:252 daqiqa

Tehron Yaqin Sharqdagi qo‘shnilari bilan keskinlikni yumshatish urinishlaridan voz kechmoqda: Eron TIV rahbari vaziyatning yomonlashuvida bevosita AQSH Prezidenti Donald Trampni aybladi.

Araqchiydan Trampga javob: «U mojaro kengayishini istayotgan bo‘lsa, aynan shuni oladi»

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy shanba kuni bergan bayonotida, Tehronning mintaqaviy keskinlikni kamaytirishga bo‘lgan tayyorligi Tramp tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganini bildirdi, deb yozmoqda «Politico» nashri.

«Agar janob Tramp eskalatsiya istayotgan bo‘lsa, bu bizning qudratli Qurolli kuchlarimiz anchadan beri tayyorgarlik ko‘rgan narsa va u aynan shuni oladi», — dedi Araqchiy.

Uning ta’kidlashicha, Eronning o‘z-o‘zini himoya qilish huquqi doirasidagi har qanday keskin harakatlari uchun mas’uliyat to‘liq AQSH ma’muriyati zimmasiga tushadi.

Bu bayonot Eron Prezidenti Mas’ud Pizishkiyonning qo‘shni davlatlarga zarba berilgani uchun uzr so‘ragan va AQSH hamda Isroilga yordam bermayotgan mamlakatlarni o‘qqa tutish to‘xtatilishini aytgan nutqidan bir necha soat o‘tib yangradi. Biroq Pizishkiyon ham Eron AQSHga so‘zsiz taslim bo‘lmasligini ta’kidlab, buni Vashington uchun «go‘rigacha olib ketadigan armon» deb atagan edi.

 

Trampning keskin munosabati

Donald Tramp «Truth Social» tarmog‘idagi o‘z postida Tehron rahbariyatining «yomon xulq-atvorini» tanqid qilib, «bugun Eronga juda qattiq zarba berilishini» e’lon qildi. Bu esa ikki tomon o‘rtasidagi ritorik va harbiy qarama-qarshilikni yanada kuchaytirdi.

Araqchiy Trampni urushning AQSH ichidagi mashhurligi pasayib borayotgani va yoqilg‘i narxi oshishi bilan mazax qildi. Pentagon va Isroilning qo‘shma amaliyoti boshlanganidan beri AQSHda benzin narxi bir hafta ichida har gallon uchun 32 sentga qimmatlashgan. Vazirning fikricha, bu urush faqat kichik bir guruh manfaatlariga xizmat qilmoqda.

 

Iqtisodiy va siyosiy oqibatlar

Eron TIV rahbari «Isroil birinchi navbatda» tamoyili doirasida harakat qilayotganlarni AQSH manfaatlarini qurbon qilishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu siyosat oddiy amerikaliklarning hamyoniga zarba bermoqda. Oq uy hozircha ushbu bayonotlarga rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid