add

Argentinada Miley partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozondi

27.10.2025 | 15:151162

Prezident Xavier Miley rahbarlik qilayotgan «La Libertad Avanza» partiyasi Argentinadagi oraliq parlament saylovlarida g‘alaba qozondi. U mamlakat bo‘ylab 40,8 foiz ovoz bilan raqiblaridan ustun keldi.

Argentinada Miley partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozondi

Argentina prezidenti Xavier Mileyning o‘ng liberal va anarxo-kapitalistik qarashlarga ega «La Libertad Avanza» (Olg‘a, erkinlik) partiyasi mamlakatdagi parlament saylovlarida ilk marta eng ko‘p ovoz to‘pladi. Saylov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 95 foiz byulleten hisoblangandan so‘ng partiya 40,84 foiz ovoz oldi, asosiy raqibi — so‘l peronistik «Fuerza Patria» esa 31,67 foziz ovoz bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.

Kuzatuvchilar bu saylovni amalda «Miley siyosati bo‘yicha referendum» deb atadi. U ikki yildan beri hokimiyat tepasida bo‘lsa-da, parlamentdagi ko‘pchilik o‘ringa ega emasligi sababli islohotlarni to‘liq amalga oshira olmagan. Uning byudjet qisqarishi va davlat rolini cheklashga qaratilgan ko‘plab tashabbuslari qonun emas, faqat prezident farmonlari bilan amalga oshirilgan.

Yangi natijalar Mileyga to‘liq ko‘pchilik bermasa-da, markazchi partiyalar bilan hamkorlik orqali uning islohotlarini parlamentda o‘tkazish imkonini yaratadi. Bu gal Kongressdagi 257 o‘rindan 127 tasi va Senatdagi 72 o‘rindan 24 tasi uchun kurash bo‘lib o‘tdi. «La Libertad Avanza» 64 o‘rinni pastki palatada, 12 o‘rinni Senatda qo‘lga kiritdi.

Eng katta syurpriz Buenos-Ayresda kuzatildi — Miley partiyasi bu gal 40 foiz saylovchini o‘z tomoniga og‘dirdi. Bu o‘tgan oygi mahalliy saylovlardagi natijadan 14 foiz yuqori. Shu bilan birga, so‘nggi haftalarda Mileyning singlisi Karina nomiga bog‘liq korrupsiya mojarosi jamoatchilikda tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Mileyni g‘alaba bilan tabriklab, Truth Social platformasida «Miley ajoyib ish olib bormoqda, Argentina xalqi uning salohiyatini tan oldi», deb yozdi.

Miley esa Trampni «Argentina xalqining haqiqiy do‘sti» deb atadi va minnatdorlik bildirdi. Tramp bu yil mamlakatga 40 mlrd dollar moliyaviy yordam ajratgan va uning davom etishi Mileyning g‘alabasiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan — bu holatni tahlilchilar saylov jarayoniga tashqi ta’sir sifatida baholamoqda.

Teglar

Mavzuga oid