add

Armaniston AQSH bilan yadroviy sohada hamkorlik qiladi

Bugun 10:072 daqiqa

Vens va Pashinyan Yerevanda AQSH va Armaniston o‘rtasida tinch atom sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Hujjat Armanistonning energetik resurslarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi, deb ta’kidladi mamlakat bosh vaziri.

Armaniston AQSH bilan yadroviy sohada hamkorlik qiladi

Kecha, 9-fevral kuni Yerevanda AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonidan tinch maqsadlarda yadro energiyasidan foydalanish sohasida AQSH va Armaniston o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot imzolandi. Marosim Vensning Armanistonga ikki kunlik tashrifi davomida bo‘lib o‘tdi.

«Ushbu kelishuv «xavfsiz innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali Armanistonning energetik resurslarini diversifikatsiya qilishga yordam beradi», – dedi Pashinyan.

Jeyms Devid Vens 9-fevral kuni Armanistonga rasmiy tashrif bilan yetib keldi. Arman ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, safar davomida unga turmush o‘rtog‘i va farzandlari hamrohlik qilmoqda. Amerika delegatsiyasi tarkibida, shuningdek, AQSH davlat kotibining iqtisodiy o‘sish, energetika va atrof-muhit masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jeykob Helberg ham bor.

Yadro energetikasi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolanishidan oldin AQSH vitse-prezidenti va Armaniston bosh vaziri yakkama-yakka formatda, keyin esa kengaytirilgan tarkibda uchrashuv o‘tkazgan.

AQSH va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlar

«Armenpress» onlayn nashrining yozishicha, Nikol Pashinyan Jeyms Devid Vens Armanistonga tashrif buyurgan amerikalik eng yuqori lavozimli shaxs ekanini alohida ta’kidladi.

«Menimcha, bu faqat protokolga oid masala emas, balki so‘nggi yillarda, ayniqsa oxirgi bir yil ichida Armaniston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlarda yuz bergan rivojlanishlarning aksidir», – dedi Pashinyan.

Shuningdek, u AQSH prezidenti Donald Trampga va Jeyms Devid Vensning o‘ziga 2025 yil avgust oyida Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik o‘rnatilgan sammitni tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, Pashinyan «AQSH prezidenti Donald Tramp 2026 yilgi Nobel tinchlik mukofotiga adolatli ravishda sazovor bo‘lishiga chin dildan umid bildiraman», – deb aytganini «News.am» onlayn nashri xabar qildi.

Teglar

Mavzuga oid