
Arnasoy aeroporti birinchi parvozni sinovdan o‘tkazdi
05.09.2025 | 11:155153
Jizzax viloyatidagi Arnasoy tumanida qurilayotgan yangi aeroport ilk bor yo‘lovchi samolyotini qabul qilib, texnik imkoniyatlari tekshirildi.

Uzbekistan Airways’ning LET-410 samolyoti muvaffaqiyatli parvoz qildi va aeroport infratuzilmasining tayyorligi sinovdan o‘tdi. Mahalliy hokimiyat bu inshoot nafaqat ichki yo‘nalishlarda, balki xalqaro turistik qatnovlarda ham xizmat ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu haqda UzA xabar berdi.
Tuman hokimi Odil Musanovning so‘zlariga ko‘ra, aeroport Arnasoyning turistik salohiyatini ochib berib, hududga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratadi. Uning ta’kidlashicha, Arnasoy tumanini mamlakat darajasidagi strategik-turistik markazga aylantirish rejalashtirilgan.
Hozirda turistik zonada mehmonxonalar, dam olish maskanlari va suv sporti uchun infratuzilmalar qurilmoqda. Shuningdek, yo‘l-transport tarmoqlari kengaymoqda. Aeroport esa ushbu loyihalarni to‘ldiruvchi asosiy strategik ob’ekt sifatida ko‘rilmoqda.
Iyul oyida prezident Jizzaxga tashrifi davomida Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘og‘ida zamonaviy turizm markazi qurish rejasi taqdim etilgandi. Loyiha 29 gektar maydonda amalga oshirilib, umumiy qiymati 220 mlrd so‘mga baholanmoqda. Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov bu turistik klaster xizmat ko‘rsatish va infratuzilma jihatidan Antaliya yoki Dubay plyajlariga yaqin darajada bo‘lishini aytgan.





