«Aselsan» 1 trln chegarasidan o‘tdi: Turkiya mudofaa eksporti 10 mlrd dollarga yetdi

19.02.2026 | 19:005 daqiqa

Uzoq yillar davomida jahon mudofaa bozorida G‘arb kompaniyalari ustunlik qilgan bo‘lsa, endi yangi o‘yinchi kuchaymoqda. Turkiyaning yetakchi harbiy elektronika ishlab chiqaruvchisi «Aselsan» ilmiy-tadqiqot bosqichidan ommaviy va yuqori marjali ishlab chiqarish bosqichiga o‘tmoqda. Bu esa investorlar diqqatini yanada kuchaytirdi.

«Aselsan» 1 trln chegarasidan o‘tdi: Turkiya mudofaa eksporti 10 mlrd dollarga yetdi

Turkiyaning mudofaa va aviatsiya sanoati eksporti, jumladan mahsulotlar va servis xizmatlari 2025 yilda 10 mlrd dollardan oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. Bir yil ichida u 48 foizga o‘sgan. «Bloomberg»ning yozishicha, Turkiya mudofaa sanoati hozir jadal o‘sish bosqichini boshdan kechirmoqda.

Mamlakatning «ATLAS Capital» investitsiyalar bo‘yicha direktori, CFA mutaxassisi Askar Аҳмедовning «Oninvest» nashrida e’lon qilingan maqolasida keltirilishicha, Turkiyaning eng yirik harbiy elektronika ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan «Aselsan Elektronik Sanayi» Yevropa va NATO mamlakatlarida shartnomalar uchun kurashmoqda. Kompaniya aksiyalari bir yil davomida 264 foizga qimmatlashdi, shu bilan birga, Turkiya bozorining asosiy indeksi «BIST 100» taxminan 45 foizga o‘sgan.

Modulli suverenitet va «raqamli miyalar»: «Aselsan» bozorga nima taklif qilmoqda?

2025 yil 2-oktabrda «Aselsan» bozor kapitalizatsiyasi 1 trillion turk lirasi (taxminan 30 mlrd dollar)dan oshgan ilk turk kompaniyasiga aylandi. Kompaniya oddiy mintaqaviy elektronika yetkazib beruvchidan global darajadagi birinchi toifali (Tier-1) mudofaa texnologiyalari tizim integratoriga aylanish yo‘lini bosib ўтgaн. Bu degani, u endi faqat alohida detallar ishlab chiqarmaydi, balki butun texnikani boshqaruvchi murakkab tizimlarni «tayyor holda» yaratadi. Bu o‘zgarishlar «Aselsan» 2024 yilda ishga tushirgan «aselsaneXt» rivojlanish dasturi doirasida amalga oshirildi.

«O‘zgarishlar ko‘lamini tushunish uchun faqat priborlar paneli uchun tugmalar ishlab chiqaradigan zavod bilan zamonaviy samolyot uchun butun avtopilot va boshqaruv tizimini yaratadigan kompaniya o‘rtasidagi farqni tasavvur qiling», – deydi Askar Аҳмедов.

«Aselsan» murakkab texnika uchun to‘liq «raqamli miya»ni loyihalashtiradi. Aviatsiya sohasida bu samolyotga uchuvchi buyruqlariga yanada aniq javob qaytarish imkonini beradi. Bu xuddi komputer eng murakkab vazifalarni bajarayotganda ham hech qachon «sekinlashmasligi»ga o‘xshaydi. Dengiz floti va quruqlik qo‘shinlarida esa kompaniya tizimlari turli xil texnikalarga bir zumda «muloqot qilish» va yagona mexanizm sifatida ishlash imkonini beradi, bu esa xavfsizlik va ishonchlilikni oshiradi.

«Menimcha, bunday texnologik sakrash tufayli kompaniyani «Boeing» yoki «Lockheed Martin» kabi jahon gigantlari bilan bir qatorga qo‘yish mubolag‘a bo‘lmaydi», – deydi Ahmedov.

Bundan tashqari, «Aselsan» himoya texnologiyalari jahon bozorini ham o‘zgartirmoqda. Mudofaa texnologiyalari sohasida uzoq yillar davomida «Raytheon» yoki «Thales» kabi _arb gigantlari hukmronlik qilib kelgan. Ammo hozir sahnaga boshqa qoidalarga qaram bo‘lishni istamaydigan yangi o‘yinchilar chiqmoqda.

«Ilgari murakkab texnikani sotib olish xuddi ochish taqiqlangan smartfon xarid qilishga o‘xshar edi: siz undan foydalanasiz, ammo uning «miyasi»ga kirish imkoniga ega emassiz va uni mustaqil ta’mirlay olmaysiz. «Aselsan» bu yondashuvni o‘zgartirdi. U «modulli suverenitet»ni taklif qiladi, ya’ni xaridor dasturiy kodga kirish huquqini oladi va ayrim detallarni o‘z mamlakatida ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi», – deydi mutaxassis.

Bunday ochiqlik tufayli «Aselsan» Osiyo va Yaqin Sharq bozorlarida Yevropa kompaniyalarini siqib chiqarmoqda. Kompaniya bosh direktori Ahmet Оқйўл fevral oyida «Bloomberg»ga bergan intervyusida joriy yilda kompaniya kamida beshta yangi mamlakatda o‘z ishtirokini kengaytirishni rejalashtirayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili xorijiy savdolar 89  foizga o‘sib, 958 mln dollarga yetgan, yangi eksport shartnomalari hajmi esa ikki barobardan ko‘proq oshib, 2,69 mlrd dollarni tashkil etgan. Kompaniya 2025 yil yakunlari bo‘yicha hisobotni fevral oxirida taqdim etadi.

Zamonaviy mudofaa sanoati bu faqat tanklar va samolyotlar emas, balki avvalo texnologiyalar va sun’iy intellekt kurashidir. «Aselsan» galliy nitridi (GaN) asosida o‘z mikrochiplarini ishlab chiqaradi. Ularning ustunligini tushunish uchun eski qizdirma lampa bilan zamonaviy LED lampani taqqoslash mumkin. GaN chiplari eski kremniy texnologiyalariga nisbatan 50–65 foiz kamroq energiya sarflaydi. Natijada bunday chiplar o‘rnatilgan radarlar ancha uzoq va aniq «ko‘ra» oladi.

Bularning barchasini «Po‘lat gumbaz» (Steel Dome) tizimi boshqaradi. Bu sun’iy intellekt asosidagi o‘ziga xos «aqlli menejer»dir. Agar tahdid yuzaga kelsa, tizim uni qanday bartaraf etishni mustaqil hal qiladi va buni 1,5 soniyadan kam vaqt ichida amalga oshiradi.

Yangi bosqich

Hozirgi kunda «Aselsan» kompaniyasi qimmat tadqiqot va ishlanmalar bosqichidan, ya’ni ilmiy izlanishlar va prototiplar yaratishga katta mablag‘lar sarflangan davrdan, ommaviy va yuqori daromadli ishlab chiqarish bosqichiga o‘tmoqda. Bu o‘zgarishlarning asosiy vositasi sifatida qiymati 1,5 mlrd dollar bo‘lgan yangi «Oğulbey» ishlab chiqarish majmuasi xizmat qilmoqda. Kompaniya uni 2025 yil avgust oyida rasman ochdi.

Agar ilgari kompaniya asosan sarf-xarajat qilgan bo‘lsa, endi u yaratgan mahsulotlarini faol sotishni boshlaydi. Kompaniyaga sarmoya kiritganlar (aksionerlar) uchun bu juda ijobiy signal: katta xarajatlar davri yakunlanmoqda va o‘n yillik investitsiyalar o‘zini oqlay boshlaydi.

Investorlar kompaniya haqida nima deb o‘ylamoqda?

Hozir bozorda ko‘plab investorlar kutish pozitsiyasini egallagan. Buning sababi kompaniya aksiyalari juda qimmat ko‘rinayotgani: ularning narxi so‘nggi 12 oylik foydaga nisbatan 70 baravardan ortiq (P/E koeffitsiyenti bo‘yicha).

Garchi aksiyalar hozir ortiqcha baholanganday tuyulsa-da, norasmiy prognozlar (whisper numbers) bozor kompaniya to‘plagan buyurtmalar qanchalik tez haqiqiy sof foydaga aylanishini to‘liq anglamayapti, degan fikrni ilgari surmoqda. Kompaniya davlat texnologiyalari (Sovereign Tech) sohasida yirik xalqaro shartnomalarga ega, jumladan 2025 yil oxirida Polsha bilan 410 mln dollarlik bitim imzolagan.

Natijada, bugungi kunda aksiyalar qimmat ko‘rinsa ham, «Aselsan» bir necha yil oldindan to‘langan ulkan buyurtmalar zaxirasiga ega. Bu esa uning bozordagi pozitsiyasini bir qarashda ko‘ringanidan ancha mustahkam qiladi. O‘tgan yilning to‘qqiz oyi davomida kompaniyada taxminan 18 mlrd dollarlik buyurtmalar portfeli shakllangan.

Uning muvaffaqiyat siri oddiy: kompaniya eng zamonaviy beshinchi avlod texnologiyalarini taklif etadi. «Aselsan» ishlab chiqarishning barcha bosqichini mustaqil nazorat qiladi kichik yarimo‘tkazgich chiplardan («texnika miyasi») tortib sun’iy intellekt asosidagi murakkab dasturlargacha. Bunday mustaqillik sanksiyalar yoki yetkazib beruvchilardagi kechikishlar tufayli ishlab chiqarish to‘xtab qolmasligini kafolatlaydi.

Kutilishicha, yaqin ikki yil ichida kompaniya aksiyalari 40 foizdan ortiq o‘sishi mumkin. Garchi hozir ular arzon bo‘lmasa-da, kompaniyada keyingi o‘sish uchun kuchli «dvigatellar» mavjud. 2026 yil o‘rtalarida «Oğulbey» majmuasi mahsulot chiqara boshlaydi. Tayyor mahsulot yetkazib berishning eng yuqori cho‘qqisi 2027 yilga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Biroq investor e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan ikki jihat bor.

Birinchisi murakkab buxgalteriya hisob-kitoblari. Turkiyadagi yuqori inflatsiya sababli moliyaviy hisobotlar tushunarsiz ko‘rinishi mumkin. Oddiy kuzatuvchiga ishlar yaxshi emasdek tuyulishi mumkin, aslida esa kompaniyaning naqd pul tushumlari oshib bormoqda.

Ikkinchidan, kompaniyaga hozir ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash uchun katta miqdorda naqd pul kerak. Agar 2026 yilda yangi sexlarni ishga tushirish hatto bir-ikki oyga kechiksa ham, kutilayotgan foyda ortga surilishi mumkin.

Shuningdek, siyosiy omil ham bor: «Aselsan» harbiy texnika ishlab chiqaradi, shuning uchun mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarga bog‘liq. Biroq kompaniya asosiy detallarni o‘zi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani sababli, u xorijiy yetkazib beruvchilarga juda qaram emas.

 

 

 

Teglar

Mavzuga oid