
Avgust oyida qaysi hududlarda uy-joy narxi pasaydi?
16.09.2025 | 11:0021894
Avgust oyida uy-joy bozorida savdo aylanmasi kamaydi, biroq yillik ko‘rsatkichlar ijobiy dinamikani namoyon etdi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ma’lumotlariga ko‘ra, avgustda respublika bo‘ylab uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni 25 mingtani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich iyul oyiga nisbatan 4,6 foizga kam, biroq o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 13 foizga yuqori. Eng katta o‘sish Sirdaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida kuzatildi.
Ikkilamchi uy-joy bozorida avgust oyida narxlar iyulga nisbatan o‘rtacha 1 foizga oshdi. Yillik hisobda esa o‘sish 4 foizni tashkil qildi. Surxondaryo viloyatida o‘tgan yildan buyon 17 foizlik narx o‘sishi qayd etilgan bo‘lib, undan keyin Jizzax va Sirdaryo viloyatlari turibdi.
Toshkent shahrida avgustda ikkilamchi uy-joy narxlari o‘tgan oyga nisbatan 0,2 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, yillik hisobda 2,3 foizga pasaydi. Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida arzonlashish ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. Birlamchi bozorda esa yil davomida 0,7 foizlik o‘sish qayd etildi, eng katta ko‘tarilish Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida kuzatildi.
Ijara bozori esa barqarorligini saqlab qoldi. Avgust oyida poytaxtda o‘rtacha ijara narxi bir metr kvadrat uchun 8 dollar darajasida qoldi. Shu bilan birga, Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara qimmati o‘rtacha 10,3 dollarga yetgan. Yillik hisobda esa ijara narxi 1,8 foizga arzonlashdi, ayniqsa Uchtepa, Chilonzor va Bektemir tumanlarida pasayish katta bo‘ldi.
ITIMning ta’kidlashicha, iyul oyi yakunida bozor keskin faollashgan bo‘lsa, avgustda faollik bir oz pasaydi. Biroq umumiy yillik ko‘rsatkichlar O‘zbekiston uy-joy bozorida ijobiy dinamika saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.





